Novosibirskdagi 8-qurbon: COVID-19 dan vafot etgan bemorning qizi nimadan norozi?
Koronavirus tufayli vafot etgan novosibirsklik 55 yoshli bemorning qizi «Ngs.ru» portaliga kasallik qanday kechganini so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, ayolning boshqa kasalliklari bo‘lmagan.
«Shtabdagilar ko‘pincha vafot etganlarning buyrak yetishmovchiligi, semizlik, qandli diabetdan qiynalganini yozishadi, lekin onamda bunday kasalliklari bo‘lmagan. Eng muhimi esa, shifokorga uchrashni cho‘zib yurmaganmiz», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, onasining isitmasi bir necha kun tushmagan, shundan so‘ng «Tez yordam» chaqirishga majbur bo‘lishgan. Bu vaqtga kelib ayol kuch-quvvatdan qolgandi, zo‘rg‘a yurardi, nafasi siqa boshlagandi.
Shifoxonada rentgendan so‘ng unga ukol qilishib, antibiotiklar yozib berishgan va va davolanish uchun uyiga jo‘natishgan. Bundan tashqari, shifokorlar qonda kislorod darajasi juda kamligini ham qayd etishgan.
«Hech qanday test o‘tkazishmaganidan hayron qoldik. Axir hozir epidemiya, ustiga-ustak, onam 55 yoshda bo‘lsa, u xavfli guruhga kiradi-ku», — dedi farzandi.
Takror murojaatdan so‘ng ayolni shifoxonaga yotqizishgan, ko‘p o‘tmay yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazishgan. Ikki kundan keyin bemor sun’iy komaga tushgan.
«Bir muncha vaqt o‘tgach onamni komadan chiqarishdi, u hushida edi. Shundan keyin buyraklari ishdan chiqdi, so‘ngra a’zo yetishmasligi rivojlandi — sekin-asta hamma a’zolari ishlamay qoldi. Oxirida qon ivuvchanligi yomonlashib, yuragi to‘xtab qoldi», — deya so‘zlab berdi qizi.
Portal suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, onasidan, nihoyat, tahlil olishgan va o‘limidan oldin COVID-19 tashxisini qo‘yishgan. Qizida ham xuddi o‘sha tashxis — faqat kasallik alomatsiz kechgan, takroriy test natijalari esa manfiy chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter