Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin qarindoshim virusga chalingan. Undan xabar olish mumkinmi?

Yaqin qarindoshim virusga chalingan. Undan xabar olish mumkinmi?

Bugun AOKA shtabida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Atabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Mutaxassis ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan savollarga javob qaytardi.

– Aytishlaricha, plastik kartochka va naqd pul o‘zida virusni saqlar ekan. Supermarketlarda kassa oldiga ikkita odam qo‘yib, bittasi pul va plastik kartochkalarni qabul qilsa, ikkinchisi (qo‘lini tez-tez dezinfeksiya qilib turgan holda) xarid qilingan narsalarimizni kassadan o‘tkazib tursa bo‘lmaydimi?

– Haqiqatdan ham naqd pullarda koronavirus qo‘zg‘atuvchisi uzoq muddat saqlanib qolishi haqida ma’lumotlar bor. Shu munosabat bilan bank tizimida naqd pullarni zararsizlantirish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinmoqda.

Naqd pul tarqatish paytida kamida 10 kun saqlangan pullarni muomalaga chiqarishayapti. Yangi plastik   kartochkalarni berishda ham shunday tizim mavjud. Nafaqadagi odamlarga nafaqa pullari maxsus paketlarda tarqatilmoqda. Naqd pul va plastik kartalar bilan ishlaydigan mutaxassislar doka niqoblarda, bir marotabalik qo‘lqoplarda faoliyat olib borishmoqda.

Hozirgi vaqtda faoliyat yuritayotgan katta savdo majmualari va dehqon bozorlariga kiraverishda xaridorlarni termometriyadan o‘tkazish, qo‘llarini dezinfeksiya qilish, niqob taqish ustidan muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, kassalardagi sotuvchilarning perchatkalarda ishlashi, ularni doimo dezinfeksiya qilishlari joriy etilgan.

Biz barcha shu kabi holatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va bu haqda tadbirkorlarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olingan.

Kassalarda ikkinchi sotuvchini qo‘yish — bu haqda tadbirkorlar o‘ylab ko‘rishi kerak ekan.

– Koronavirus uchun antitanachalarga qayerda test topshirishi mumkin?

O‘zbekistonda qonda antitanacha titrlarini aniqlash uchun ekspress testlar mavjud. Koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni kamligi sabab, ushbu usul keng qo‘llanilmayapti. Davolash maqsadida sog‘aygan bemorlar qonidan foydalanmoqchi ekanligimizni inobatga olib, koronavirus uchun antitanachalar titrini albatta tekshirish zarur. Koronavirus uchun antitanachalar testi virusologiya laboratoriyalarida amalga oshiriladi. Natijalarni 15-20 daqiqadan so‘ng olish mumkin.

Rossiya Federatsiyasida ekspress testlardan tashqari immunferment tahlil (IFA) test ishlab chiqildi.

– Karantin muddatini o‘taganlarni nega yana qayta karantinga olib ketishyapti? Agar karantin vaqtida yuqtirib olgan bo‘lsa, kimning xatosi bu?

– Karantin 14 kunga mo‘ljallangan, shu kun davomida bemor aniqlansa, oxirgi holat qayd etilmay karantin yana 14 kunga cho‘ziladi.

Agar karantin vaqtida infeksiya yuqtirib olinsa, birinchi navbatda, odam o‘zini ayblash kerak. Demak, bu odam karantin vaqtida tegishli tartib-qoidalarga rioya qilmagan.

–Koronavirus va grippdan sog‘aygandan keyin inson organizmidagi o‘zgarishlar farqi nimada? U qadar og‘ir asoratlar bo‘lmasa, mamlakatning iqtisodiy inqiroziga sabab bo‘ladigan karantin tadbirlariga hojat bormi?

– Karantin va cheklovchi chora-tadbirlarsiz koronavirus aholi o‘rtasida juda tez tarqaladi va ko‘p odamlarda og‘ir asoratlar kuzatilishi mumkin. Natijada esa noxush oqibatlar, ya’ni o‘lim holatlari ko‘payish ehtimoli bor.

– Tibbiyot xodimlarimiz qanaqa testdan foydalanishadi? Bu test qay darajada aniq natija ko‘rsatadi?

– Bugungi kunda mamlakatimizda Germaniya, Rossiya, Xitoyda ishlab chiqarilgan test tizimlaridan foydalaniladi. Natijalarning o‘ziga xosligi — 100 foiz.

–Test tekshiruvi va natija aniq bo‘lguncha qancha vaqt o‘tadi? Bu testlar qayerda ishlanadi? Laboratoriyalarimizda bir kunda nechta testni qayta ishlash imkoniyati mavjud?

– Hozirgi vaqtda koronavirusni PSR usulida aniqlash uchun o‘rtacha 6-8 soat vaqt ketadi. Tahlilllarning davomiyligi ularning hajmiga bog‘liq.

PSR — amplifikator, amplifikatsiya bosqichida virus genomini selektiv ko‘paytirish. Agar planshetlar ishlatilsa 96 ta katagi bor, demak 96 ta tahlil bir vaqtda tayyor bo‘ladi, agar  Rotor-J bo‘lsa,  36,72,100 tahlil natijasi chiqadi.

Bitta laboratoriyada bir kunda o‘rtacha 400 tagacha tahlilni qayta ishlash mumkin.

– Meni bir yaqin qarindoshim virusga chalingan. U bilan qanday muloqot qilishimiz mumkin? Uchrashuv xonalari bormi?

– Koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar haqida ma’lumot olish mumkin. Buning hech qanday qiyinchiligi yo‘q. Mazkur kasallikka chalingan shaxslar davolanayotgan muassasaning telefon raqamini «Ma’lumotlar byurosi»dan olish mumkin. Aksariyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mobil telefonlari bemorlarning o‘zlarida qolgan.

– Ijtimoiy tarmoqlarda karantinga olingan fuqarolarni saqlash uchun qurilgan maxsus shifoxonalarda yaratilgan sharoitlar talab darajasida emasligi haqida aytilyapti. Bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyaptimi?

– Bu ob’yekt o‘ta qisqa muddatlarda barpo etildi. U yerda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarga barcha shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilindi. Albatta birdaniga ideal shart-sharoit qilinmagan bo‘lishi mumkin. U yerdagi odamlarni kam sonli qilib alohidalash, yashash va ovqatlanish sharoitlarini qilib berish bu osonlikcha amalga oshirilmayapti.

Fuqorolarimiz yashayotgan vagonlarda hojatxona, konditsioner, «O‘zmobayl» telefonlari o‘rnatilgan. Ovqatlanishlari uchun bir marotabalik idishlar tashkil qilingan bo‘lib, ishlatib bo‘lingan idishlar va ovqat qoldiqlari maxsus krimatoriylarda yoqib tashlanmoqda.

Toshkent shahar hokimi qariyib har kuni ushbu shaharchaga borib, fuqarolarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishmoqda va mavjud yoki yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring