Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusdan tuzalgan eng keksa ispan fuqarosi umri davomida ikkita dahshatli epidemiyani boshidan kechirgan

Koronavirusdan tuzalgan eng keksa ispan fuqarosi umri davomida ikkita dahshatli epidemiyani boshidan kechirgan

Foto: «Charry TV»

Ispaniyada COVID-19 bilan og‘rigan 106 yoshli momo sog‘aydi, deya xabar berdi «The Olive Press» ispan gazetasi.

Ana del Vale 1913-yilda tug‘ilgan. U 15 yoshida o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan «ispanka» — halokatli gripp epidemiyasidan ham omon qolgan.

«O‘shanda uyidagilarning hammasi kasallangan», — deya so‘zlab berdi kelini Paki Sanches.

Momo sakkiz yildan beri Ispaniyaning Kadis provinsiyasi Alkala-del-Vale shahridagi qariyalar uyida yashamoqda. Mart oyida u bilan birga 60 nafar qo‘shnisi, 22 ta xodimdan 20 nafari SARS-CoV-2 koronavirusni yuqtirib olishdi.

Hukumat ularni COVID-19 ga qarshi kurashga yaxshiroq hozirlik ko‘rgan La-Linea shahar shifoxonasiga ko‘chirib o‘tkazishga qaror qildi. Bemorlarning shaharga kirishini istamagan norozi aholi xasta qariyalarni olib ketayotgan avtobusning oldini to‘sib chiqib, ularni toshbo‘ron qila boshlagan, deb yozadi «Euro Weekly News» gazetasi. Politsiya aralashuvi bilan ziddiyat hal etilgan.

Ana del Vale kasallikni og‘ir o‘tkazganidan reanimatsiyaga tushib qolgan. Biroq ko‘p o‘tmay tuzala boshlagan, deb yozadi «The Yucatan Times». Bir necha kun avval shifoxonadan to‘liq sog‘ayib chiqdi. U COVID-19 dan tuzalgan eng keksa ispan fuqarosi hisoblanadi.

«Shifokorlar uning tahlil natijalari juda yaxshiligini, lekin ehtiyot bo‘lish kerakligini aytishmoqda, — dedi Paki Sanches. — U yolg‘iz ovqatlanadi, ba’zida ko‘p, ba’zida kam. Xodunok yordamida qisqa sayrlarga chiqib turadi».

«Ispanka» — 1918-1919-yillarda kuzatilgan ommaviy gripp epidemiyasi. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, o‘shanda 550 million kishi virusni yuqtirib olgan, 50-100 million kishi esa vafot etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring