Koronavirusga qarshi vaksinani olish uchun O‘zbekiston ustuvor mavqega ega bo‘ladi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Pak Ning Xu o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Unda tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan, «COVID-19» qarshi kurash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot avvalida, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda, shuningdek, ushbu mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda poytaxtimizda to‘rtinchi avlod Bolalar milliy tibbiyot markazini bunyod etishda Koreya Respublikasi tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun chuqur minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Suhbat davomida ikki mamlakat vazirlari yurtimizda Koreyaning yetakchi tibbiyot universitetining filialini ochish, tibbiyot klasterini tashkil etish masalalarini keng muhokama qildilar.
Eng muhimi, ikki davlat vazirlari yurtimizda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda «COVID-19»ga qarshi mobil ilovalarini yaratib, treking usulini joriy etish borasida kelishuvga erishdilar. Bu esa bizga xuddi Koreyadagidek koronavirusga chalingan bemorni kim bilan muloqot qilgan va qaysi hududlarda bo‘lganligini innovatsion tarzda aniq ko‘rsatib berish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, hamkorlikda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda testlar va dorilarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, «COVID-19» qarshi vaksinani birgalikda klinik sinovlarini o‘tkazish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi. O‘z navbatida Koreya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Pak Ning Xu ushbu vaksinani dunyo mamlakatlariga taqdim etishda O‘zbekiston alohida ustuvor mavqega ega bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Samarali kechgan muzokaralar yakunida Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston – Koreya hamkorligi markazining imkoniyatlarini yanada kengaytirishga ham kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter