Koronavirus tufayli nechta jurnalist vafot etdi?
O‘tgan uch oy davomida dunyoning 31 ta davlatida 127 nafardan ziyod jurnalist COVID-19 tufayli vafot etdi, deyiladi shtab-kvartirasi Jenevada joylashgan «Press Emblem Campaign» (PEC) mustaqil jurnalistlar uyushmasi bayonotida. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bergan.
PEC xabariga ko‘ra, 1-martdan 31-mayga qadar eng kamida 127 nafar jurnalist, ulardan uchdan ikki qismi kasbiy faoliyatini bajarish chog‘ida COVID-19 tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Birgina may oyining o‘zida 72 ta jurnalist vafot etdi.
«Ommaviy axborot vositalari xodimlari yangi virusga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Ular kasallikning tarqalishi haqida xabar berishi zarur. Ulardan ayrimlari o‘z vazifasini bajarish chog‘ida kerakli himoya vositalari yo‘qligi sababli halok bo‘lishgan», — dedi PEC bosh kotibi Bleyz Lempen.
Eng ko‘p jurnalistlar o‘limi Lotin Amerikasi hududida qayd etildi. Noxush ko‘rsatkich bo‘yicha Peru birinchi o‘rinda — 15 kishi, so‘ngra Braziliya va Meksika (13 kishidan). AQShda virus tufayli 12 nafar, Rossiyada esa 5 nafar OAV xodimi vafot etgan, deyiladi bayonotda.
Aslida jurnalistlar orasida o‘lim ko‘rsatkichi bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki bu davrda vafot etgan jurnalistlarning hammasi ham COVID-19 tahlilidan o‘tishmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter