Koronavirus: Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi!
Prezidentimizning 2020-yil 26-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan xususiy shifoxonalarga koronavirus infeksiyasini davolashga ruxsat berilgan edi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan diagnostika va davolash standartlariga, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qat’iy rioya qilishi lozimligi alohida ta’kidlangan.
Ushbu hujjatlarga asosan, xususiy shifoxonalar murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam berib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatishayotgani chinakam e’tirofga haqli.
Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasini aniqlash va davolashda belgilangan tartiblarga rioya qilinmasa, huquqiy ta’sir choralari mavjud ekanligini xususiy shifoxonalarga muntazam eslatib kelmoqda. Ammo shunga qaramasdan, ayrim xususiy shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda tasdiqlangan standartlarga rioya qilmaslik natijasida jiddiy va qaltis xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum bo‘lmoqda, deya xabar berdi SSV.
Misol uchun, koronavirusni davolash bilan shug‘ullanayotgan xususiy shifoxonalar faoliyati yuzasidan retro-prospektiv tekshiruvlar o‘tkazilganda, oliy toifali pulmonolog Z.Yu. tomonidan bir oilaning 3 a’zosiga, ahvoli yengil darajada bo‘lishiga qaramasdan, 12 turdagi (!) dori vositasini («Askorbin» kislota, «Baktazon», «Moksiv», «Deksametazon», «Vobenzim», «Trombonet», «Kurantil», «Laritidin», «Flyukonazol», «Ambroksol», «Sink», «Veroshpiron») tavsiya qilingani qayd etildi.
Shuningdek, boshqa bir xususiy shifoxonada faoliyat yuritgan otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha 2-kurs klinik ordinatori I.B. ayrim bemorlarga, ular kasallikning yengil darajasini o‘tkazayotganiga qaramasdan, bir vaqtning o‘zida 10 ga yaqin («Sefepim», «Atsiklovir», «Deksametazon», «Ambroksol», «Kleksan», «Kurantil», «Kardiomagnil», «Veroshpiron») dori vositalarini hamda ingalyasiya uchun «Dekosan» + «Deksametazon» + «Dimedrol» dori vositalari aralashmalarini tavsiya qilgani aniqlandi.
Ikkala holatda ham bemorlarning ahvoli yomonlashganligi sababli Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.
Shuningdek, so‘nggi bir yarim oy mobaynida xususiy shifoxonalardan birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga jami 17 nafar bemor belginlangan davo standartlariga amal qilinmagani, me’yoridan ortiq miqdorda antibiotik va boshqa tavsiya etilmagan turli xil infuzion dori vositalari qo‘llanilgani uchun og‘ir ahvolda ko‘chirilgani ma’lum bo‘lgan. Bu kabi bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari va vazirlik tasarrufidagi boshqa davolash muassasalariga ham yotqizilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha 4 ta xususiy shifoxonaga berilgan litsenziya tugatildi, 2 tasida litsenziyaning amal qilish muddati 10 kunga to‘xtatildi, yana 2 tasiga esa kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter