Koronavirus pandemiyasining yangi xavfli bosqichi e’lon qilindi
Koronavirus pandemiyasi rivojlanishining yangi xavfli bosqichi boshlandi. Bu haqda juma kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ma’lum qildi.
U payshanba kuni JSSTga 150 mingta yangi kasallanish holati to‘g‘risida ma’lumot kelib tushganini eslatdi.
«Ushbu holatlarning yarmi Shimoliy va Janubiy Amerikaga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda ham kasallanganlar soni ko‘p», — dedi JSST raisi.
«Dunyo yangi va o‘ta xavfli bosqichda turibdi», — deya ta’kidladi bosh direktor.
«Ko‘pchilikning uyda o‘tirishdan charchaganini tushunish kerak. O‘z iqtisodiyoti va jamiyatini ochishni xohlayotgan mamlakatlarni ham tushunsa bo‘ladi, — deya davom ettirdi u. — Biroq virus haliyam tez tarqalmoqda va u haliyam xatarli».
Tedros Adanom Gebreyesus barcha mamlakatlarni va odamlarni juda hushyor bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, ehtiyot choralariga amal qilishni — ijtimoiy masofa saqlashni, kasal bo‘lganda uyda qolishni, yo‘talganda og‘zi va burnini yopishni, qo‘llarini yuvishni, himoya niqobini taqishni tavsiya etdi. Bundan tashqari, davlatlar koronavirusni yuqtirganlarni aniqlash, ularni izolyasiya qilish, test o‘tkazish, barcha kasallanganlarni davolashni davom ettirishi zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter