Koronavirus pandemiyasining yangi o‘chog‘ida 10 mln. kishi virusni yuqtirishi mumkin
![Koronavirus pandemiyasining yangi o‘chog‘ida 10 mln. kishi virusni yuqtirishi mumkin](https://static.xabaruz.com/crop/2/2/720_460_95_2223849010.jpg)
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrika yangi koronavirus o‘chog‘iga aylanishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bu haqda «Regnum» agentligi «VVS Global Heatlh»ga asoslanib xabar berdi.
JSST virus Afrika mamlakatlari poytaxtlaridan tarqayotganiga e’tibor qaratdi. Qit’a mamlakatlarida o‘pkani sun’iy ventilyasiya qiluvchi qurilmalar juda taqchil, bu pandemiyaga qarshi kurashishda eng jiddiy muammolardan biriga aylanadi. Afrikaliklarning uchdan bir qismi suv ta’minotiga ega emas, qariyb 60 foizi gavjum xarobalarda yashaydi — virus juda tez tarqab ketishi mumkin.
Hozir 1,3 mlrd. aholiga ega Afrikada koronavirusni yuqtirganlar soni qariyb 19 000 nafarga, virus qurbonlari esa 970 nafarga yetdi. To‘g‘ri, bu yerda koronavirus Yevropa va AQShdagi kabi yuqori sur’atga ega emas, ammo o‘tgan haftadan boshlab koronavirusni yuqtirganlar soni keskin oshishni boshlagani ancha xavotir uyg‘otadi.
JSSTning Afrika bo‘yicha direktori Matshidizo Moyetining aytishicha, koronavirus JAR, Nigeriya, Kot-d’Ivuar, Kamerun va Gananing yirik shaharlaridan «ichki tumanlari»ga tarqashni boshlagan.
Afrikadagi 15 tacha mamlakatga hali koronavirus yetib bormagan. Agarda ushbu mamlakatlar hozirdan odamlarni izolyasiyalash choralarini ko‘rishsa virusni to‘xtatishlari mumkin. Qit’ada sog‘liqni saqlash tizimi anchayin zaif, koronavirus tarqab ketishi muammoni ikki karra ko‘paytiradi, dedi u.
Hatto tibbiyot xodimlarining o‘zlari ham himoya vositalariga muhtoj. Masalan, Tunisda 68 nafar, Liberiyada 18, Nigerda 32 nafar tibbiyot xodimiga koronavirus yuqqan.
JSST xomcho‘tlariga qaraganda, yaqin 3-6 oy davomida Afrikada 10 milliondan ortiq inson koronavirusni yuqtirishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter