Koronavirus: o‘lib qolgan sayyohdan 1500 dollar undiriladi
Kambodja Tashqi ishlar vazirligi (FCO) mehmonlar uchun 3 ming dollar miqdorida «koronavirus depoziti»ni joriy etdi. Bu haqda «Evening Standard» xabar bergan.
Bundan tashqari, sayyohlardan viza, koronavirus yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma va minimal sug‘urta qiymati 50 ming dollarni tashkil etadigan tibbiy sug‘urta polisi talab etiladi.
Barcha xorijlik sayyohlar aeroportda 3 ming dollar miqdorida garov puli qo‘yishi zarur.
Ushbu puldan 5 dollar — transport xizmati, 100 dollar — koronavirusga test (bu yerda ham o‘tkaziladi), test natijalarini kutish paytida tunash va taom uchun 30 dollardan ajratiladi.
Bordi-yu, yo‘lovchilardan birida test natijasi musbat chiqsa, barcha hamrohlari bilan birga 14 kunga karantinga joylanadi. Ular takroriy tekshiruv uchun pul to‘lashlari hamda mehmonxonada yashash va ovqatlanish uchun kuniga 84 dollardan to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Mabodo sayyoh kasal bo‘lsa, shifoxona palatasi uchun kuniga 225 dollardan, bordi-yu, o‘lib qolsa, krematsiya uchun depozitdan 1500 dollar ajratib olinadi.
Xullas, depozitdan eng kamida 165 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi: test, transport, yashash va ovqatlanish uchun. Agar virus yo‘lovchilarning hech qaysisida aniqlanmasa, sayyoh qolgan pulini qaytarib oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter