Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus kuz-qish mavsumida o‘ta xavfli formaga aylanishi mumkin – mutaxassis

Koronavirus kuz-qish mavsumida o‘ta xavfli formaga aylanishi mumkin – mutaxassis

Koronavirus mutatsiyaga uchrashi natijasida kasallik o‘ta og‘ir kechishi va boshqa a’zolarni ham jarohatlashi mumkinligi ma’lum qilindi.

Koronavirusni mutatsiyaga uchrashi kasallik jarayonini o‘ta og‘irroq kechishi va boshqa a’zolarni ham jarohatlash darajasi ortishini anglatadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva «Shifobaxshuz» kanaliga ma’lum qildi.

Sevara Ubaydullayevaning aytishicha, kasallik hozirgi yoz mavsumida ultrabinafsha nurlari ta’sirida yengilroq darajada kechmoqda.

«Sovuq mavsumda virus o‘ta xavfli va inson organizmiga keltiradigan zarar yuqori bo‘lishi olimlar tomonidan o‘rganib chiqildi va bu o‘z tasdig‘ini topib bormoqda. Yilning sovuq davrida haqiqatdan ham juda ham ko‘p davlatlarda o‘lim holatlari yuqori va og‘ir kechayotgan bo‘lsa, yozgi davrda esa yengilroq kechayotganini hamma tan olmoqda», – dedi mutaxassis.

Shtab a’zosining alohida ta’kidlashicha, koronavirusni mutatsiyaga uchrashi kasallik jarayonini o‘ta og‘ir kechishi va boshqa a’zolarni ham jarohatlash darajasi ortishini anglatadi.

«Yengil darajada kechayotgan o‘pka kasalliklari yanada og‘irlashishi taxmin qilinmoqda. Misol uchun, hozirgi kunda kasallikni nazorat qilib, 2-3 kunda qanday belgilar paydo bo‘lishini bilib turib, oldindan davolash imkoniyatimiz bo‘lsa, mutatsiyadan keyin bu belgilar kasallikning boshida emas, oxirida yoki o‘rin almashgan holda kelishi mumkin. Shuningdek, boshqa a’zolarni ham jarohatlash ehtimoli bor. Virus hozirgi kunda o‘pka, yurak qon-tomir kasalliklari tizimini jarohatlayotgan bo‘lsa, sekin-asta buyrak qon-tomirlariga ta’sir qilishi olimlar tomonidan aytilmoqda. Bundan ham xavflisi, boshqa a’zolarga o‘tib borishi bilan namoyon bo‘lishi ehtimoldan holi emas», – deya qo‘shimcha qildi Ubaydullayeva.

Avvalroq, AQSh bosh infeksionisti COVID-19 kasalligini keltirib chiqaradigan yangi SARS-Cov-2 koronavirusi mutatsiyaga uchragan taqdirda yanada yuqumli bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring