Koronavirus ko‘lankasi: tobutsozlar tobut yasashga, go‘rkovlar qabr kovlashga ulgurmayotir
Koronavirus nasroniy olami dafn marosimlarini ham o‘zgartirib yubordi.
Covid-19 infeksiyasidan vafot etganlar oldiga na yaqinlari, na do‘stlari qo‘yilmoqda. Shifokorlarga ko‘ra, virus vafot etgan bemordan boshqalarga yuqmaydi, ammo u marhumning kiyimida bir necha soat yashaydi. Shu bois undan vafot etganlarning jasadi zudlik bilan germetik mato bilan o‘ralmoqda.
Nasroniylik odatiga ko‘ra, vafot etgan inson ko‘rkam liboslarda so‘nggi yo‘lga kuzatiladi. Ko‘pincha mayitning sochi turmaklanib, makiyaj ham qilinadi. Ammo ayni paytda virus xavfi bois mayitlar shifoxona jomasida shoshilinch ravishda dafn etilmoqda. Gohida esa jasadlar krematoriyda yoqilmoqda.
Nasroniylar tobutga oilaviy yodgorlik va suratlarni ham qo‘shib ko‘mishga odatlangan. Ammo epidemiya avj olgan bir paytda tobutga oilaviy yodgorliklarni qo‘yish ham taqiqlandi.
Butun dunyoda vahima uyg‘otgan koronavirus vabosi oilalarni vafot etgan yaqinlarini so‘nggi yo‘lga kuzatish imkonidan ham mahrum etmoqda. Azadorlarga yaqinining tobuti surati yuborilmoqda, xolos.
Koronavirus o‘chog‘iga aylangan Italiyada ushbu ofatdan kuniga yuzlab odam o‘lim topmoqda. Favqulodda holat sabab Rim hukumati misli ko‘rilmagan taqiq joriy etishga majbur bo‘ldi: mamlakatda dafn marosimi o‘tkazish man etildi.
Dafn bilan shug‘ullanuvchi mas’ullar tobutni mashinada cherkovga keltiradi. Ruhoniy oshig‘ich ravishda dafn duolarini o‘qiydi. Ammo bu jarayon bir necha daqiqa davom etadi, xolos. Avvalo, virusdan vafot etgan shaxsni tezroq qabrga qo‘yish kerak. Qolaversa, mayitlar juda ko‘p, ularning har biriga risoladagidek duo o‘qishga vaqt yo‘q.
Italiyadagi dafn xizmatlari tizimi juda katta bosim ostida ishlamoqda. Mamlakat bo‘yicha virusdan vafot etganlar soni 6800 dan oshdi. Shimoliy muzofotlar shifoxonalaridagi o‘likxonalar to‘lib ketgan. Go‘rkovlar esa qabr kovlashga ulgurmayotir. Ayrim hududlarda tobutlar ko‘payib ketganidan ularni tashish uchun harbiy mashinalar jalb etilgan.
Dafn xizmati xodimlari maxsus himoya liboslarida faoliyat yuritmoqda. Ammo bu ketishda ular himoya vositalari taqchilligi bilan yuzma-yuz kelishi hech gap emas.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter