Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus aniqlangan fuqaro bilan aloqada bo‘lganlar izolyasiyaga olinadi — Bahrom Almatov

Koronavirus aniqlangan fuqaro bilan aloqada bo‘lganlar izolyasiyaga olinadi — Bahrom Almatov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov

Foto: Videolavhadan kadr

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi bo‘yicha videobayonot berdi.

«Respublikamizga 14 mart kuni xalqaro aeroportlar orqali 38ta reysda 4800 nafar, temir yo‘l orqali 1860 nafar, qolgan chegara bojxona postlari orqali 38 000 nafar kishi kirib kelgan. Ularning aksar qismi kasallik qayd etilgan Rossiya, Qozog‘iston va Yevropa davlatlaridan kirib kelishgan. Chegaradan kirib kelish jarayonida ular birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tana harorati o‘lchangan.

Shu kungacha epidemiologik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlardan shu kungacha jami 7700 nafar fuqaro kirib kelgan va ular uy sharoitida karantinga olingan. Bugunga kelib karantin muddati tugagani tufayli 5600 nafari karantindan chiqarilgan, 2100 kishi hamon tibbiy kuzatuv ostida karantinda qolmoqda.

Bugun 15 mart kuni soat 06.00 holatida Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Ushbu holat bo‘yicha epidemiologik tekshirish ishlari o‘tkazilmoqda, kasallik aholi orasida tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha epidemiyaga qarshi va profilaktik chora-tadbirlar keng ko‘lamda olib borilmoqda.

Mavjud vaziyat bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, u bilan birga Fransiyadan uchib kelgan yo‘lovchilarning to‘liq ro‘yxati tuzilgan, ularning yashash joylarini aniqlash va ular ustidan tibbiy kuzatuv o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi barcha tadbirlar amalga oshirilmoqda»,-deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda vahimaga o‘rin yo‘qligi, 80 foiz holatlarda kasallik yengil, 15 foiz holatlarda o‘rta darajada, faqat 5 foiz holatlarda og‘ir o‘tayotgani qayd etilgan. Kasallik og‘ir o‘tishi holatlari surunkali kasalligi bor yoshi katta odamlarda kuzatilmoqda.

«Ko‘ryapmizki, kasallanganlarning 50 foizdan ortig‘i butunlay sog‘ayib, normal holatga qaytgan. Shuning uchun, xalqimizdan so‘rardikki, vahimaga tushmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga jiddiy rioya etishlarini, xonadonlarini ozoda saqlash, jamoat transportidan foydalangandan keyin doim qo‘llarni sovunlab yurish, zararsizlantiruvchi vositalarni qo‘llash tavsiya etiladi»,-degan Almatov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring