Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JSST rahbari: 2022-yilda koronavirusni yengamiz, ammo buning bir sharti bor...

JSST rahbari: 2022-yilda koronavirusni yengamiz, ammo buning bir sharti bor...

Foto: Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus yangi yil munosabati bilan qilgan murojaatida umidbaxsh mujda yo‘lladi: insoniyat 2022-yilda koronavirus pandemiyasiga xotima yasashi mumkin, ammo buning uchun vaksina taqsimotidagi adolatsizlik va tengsizlikka barham berish talab etiladi.

JSST rahbariga ko‘ra, koronavirusning xavfli «omikron» shtammi vujudga kelishiga ayrim mamlakatlarning haddan ziyod ko‘p miqdordagi vaksinalarni g‘amlab olgani va boshqalar bilan baham ko‘rmagani sabab bo‘ldi. Bu holat «vaksina millatchiligi» deb atalgan.

Darhaqiqat, dunyoning boy mamlakatlari o‘z fuqarolarini qo‘shimcha ravishda uchinchi doza bilan emlayotgan bir paytda aksar o‘lkalarda aholi hali birinchi dozadan ham bebahra qolmoqda.

«Adolat tamoyili qancha ko‘p buzilsa, ushbu virusning yangi turlari tarqalishi xavfi ham shuncha ortadi. Pirovardida biz ofat qarshisida butkul ojiz qolishimiz mumkin», – deb ogohlantiradi  T.A.Gebreyesus.

Xavotir va hadiklar ostida kechgan so‘nggi uch yilda kovidga qarshi ko‘plab vositalar sinovdan o‘tkazildi. Sayyoramiz bo‘ylab 8,5 milliard doza vaksina istifoda etildi. Ammo vaksina taqsimoti ko‘rsatkichiga nazar solinsa, tabaqalashuv va tengsizlik kuchli ekanini ko‘rish mumkin.

JSST rahbariga ko‘ra, pandemiyaga barham berish uchun 2022-yil o‘rtalariga qadar Yer sayyorasining 70 foiz aholisi emlanmog‘i lozim. Ayni choqda, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofaga rioya etish, ommaviy ravishda test o‘tkazish kabi chora-tadbirlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Vaksinalarni adolatli taqsimlash masalasi jahonning yirik davlatlari e’tiboridagi masala bo‘lib qolmoqda. Bu borada JSST shafeligida COVAX (COVID-19 vaksinasidan dunyo miqyosida teng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbus) dasturi amalga tatbiq etilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, AQSh 100 ga yaqin kam daromadli mamlakatlarga Pfizer vaksinasining 500 million dozasini yetkazib berish rejasini e’lon qildi.

Germaniya esa rivojlanayotgan mamlakatlarga 100 million dozadan ziyod emdorilarni yetkazib berdi. Dunyodagi tartibotlarni ostin-ustun qilgan kovid vabosiga qarshi kurashda vaksina tarqatish va moliyaviy ko‘makning o‘zi yetarli emas. Shu bois Germaniya boshqa bir jiddiy choraga qo‘l urdi: ayni paytda Afrikada vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida tadbirlar ko‘rilmoqda.

Umuman, ilg‘or fikrli va insonparvarlik tamoyilidan yiroqlashmagan siyosatdonlar dunyo davlatlarini «vaksina millatchiligi»dan voz kechib, bag‘rikenglik va saxovat yo‘lini tutishga da’vat etmoqda.

Keyingi paytlarda koronavirusning «omikron» shtammiga chalinganlar soni oshib bormoqda. Shu sabab sayyoramiz bo‘ylab yangi yil bayrami tantanalari ham cheklangan shart-sharoitda o‘tkazildi.

2 yanvar holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 289 milliondan ziyod COVID-19 xastaligi ro‘yxatga olingan. Ushbu ofatdan o‘lim topganlar soni 5 mln  457 mingdan oshgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring