Jizzaxdagi tug‘ilgan kunda ikki fuqaro koronavirusga chalindi
Mamlakatimizning qator viloyatlarida, jumladan, «yashil» yoki «sariq» hududlarda ham aholi orasida favqulodda koronavirus qayd etilishi holatlarining kuzatilayotgani barchamizni hushyor torttirishi lozim.
Afsuski, kecha 276 holatda kasallik aniqlanib, rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Shu kuni 24 nafar aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 17 nafar, Toshkent viloyatida 4 nafar, Jizzax viloyatida 2 nafar hamda Andijon viloyatida 1 nafarni tashkil etdi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Jumladan, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida yashovchi Z.X.da, Qibray tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda (har ikki holatda ham tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Parkent tumanida yashovchi Sh.A.da ham kasallik aniqlangan.
Shuningdek, Jizzax viloyati Sh.Rashidov va Jizzax tumanlarida yashovchi 2 nafar fuqaroda (Sh.Rashidov tumaniga tug‘ilgan kun nishonlashga borishgan, shundan so‘ng tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi S.A.da (Rossiya harbiy kosmonavtlar akademiyasi talabasi. Shu yilning 12-may kuni Sankt-Peterburg shahridan charter reys bilan kelgan va 27-mayda karantin muassasasidan chiqqan) koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan vaqtinchalik tiyilishlarini, va albatta, qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishishmaslik, ozodalikka rioya qilish, sababsiz ko‘chaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, niqobni to‘g‘ri taqib yurish kabi karantin qoidalariga qat’iy rioya etib, bizga, shifokorlarga yordam berishingizni so‘rab qoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter