Jamoatsiz taroveh, huvillagan Ka’batulloh (foto)
Ramazon oyi davomida kunduzi ro‘za tutgan musulmonlar kechqurun taroveh namozini ado etishga masjidga oshiqar edi. Zero, mohi Ramazon ibodat uchun jam bo‘lgan ulkan izdihom, taroveh va xatmi Qur’onlar ila shukuhli, fayzli edi. Ammo bu yil koronavirus vabosi sabab dunyoning aksar mamlakatlari musulmonlari taroveh namozini uyda o‘qishga majbur bo‘lmoqda.
Makkai mukarramadagi Masjid ul-Harom, ta’bir joiz bo‘lsa, islom olamining urib turgan yuragi sanaladi. Saudiya Arabistoni rahbariyati Ka’batulloh joylashgan ushbu masjid hamda Madinai munavvaradagi Masjid un-Nabaviyda taroveh namozini ado etishga ruxsat bergan. Ammo tarovehda faqat ikki muqaddas masjid xodimlarigina ishtirok eta oladi. Podshohlikning boshqa namozgohlari esa noma’lum muddatga yopilgan.
Musulmon olamining uchinchi muqaddas sajdagohi – Masjid al-Aqso darvozalariga ham qulf urilgan. Quddusi sharifdagi ushbu masjid 22 mart kuni koronavirus xatari bois yopilgan edi. Quddus islom vaqfi kengashi tibbiyot sohasi vakillarining tavsiyasiga ko‘ra, Ramazon davomida ham musulmonlar jamoasi yig‘ilmay turgani ma’qul degan xulosaga kelgan.
Dunyodagi eng yirik musulmon mamlakati bo‘lgan Indoneziyaning ayrim muzofotlarida taroveh namozi ado etilmoqda. SOVID-19 infeksiyasi keng tarqalgan hududlarda esa masjidlar yopilgan. 229 million musulmon yashaydigan mamlakat rahbariyati Ramazon hayitini nishonlash uchun boshqa shaharga mehmonga borishni ham taqiqladi.
Eron musulmon olamida koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakat bo‘lib turibdi. Fors zaminida 88 mingdan oshiq kishi ushbu virusni yuqtirgan bo‘lsa, 5574 kishi undan o‘lim topgan. Vaziyat qaltisligi bois Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanai taroveh namozini ham uyda ado etishga chaqirdi.
SOVID-19 Turkiyaning ham osoyishta hayotini izdan chiqardi. Infeksiya mamlakat bo‘ylab shiddat bilan yoyilmoqda. Bugunga kelib, koronavirusga chalinganlar soni 105 ming nafarga yaqinlashdi. Real xatarni inobatga olib, Turkiya diniy idorasi tarovehni uyda o‘qishga buyurdi.
Pokiston rahbariyati esa uzoq maslahatlashuvdan keyin Ramazon oyi davomida masjidlarni ochishga qaror qildi. Ammo namoz o‘qish jarayonida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda. Shuningdek, masjidlarda gilam to‘shalmaydi, musulmonlar o‘zaro masofa saqlagan holda saf tortadi.
Ko‘rfaz davlati – Bahraynning ayrim yirik jomelarida imom va masjid xodimlari oraliq masofa saqlagan holda tarovehni ado etishiga ruxsat berilgan.
Kuvayt, BAA, Jazoir, Misr, Marokash, Tunis, Suriya, O‘mon, Iordaniya, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda ham karantin tartibi doirasida musulmonlarga masjidga chiqmay uyda ibodat qilish tayinlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi ham yurtimizda koronavirus pandemiyasi tarqalgani bois mo‘min-musulmonlarimiz taroveh namozini o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazishlari xususida fatvo chiqardi. Ayni kunlarda yurtimizning mashhur qorilari xatmi Qur’oni onlayn tarzda namoyish etilmoqda.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter