Italiyadagi shaharcha mo‘r-malaxdek yopirilgan koronavirusni qanday qilib to‘xtata oldi?
![Italiyadagi shaharcha mo‘r-malaxdek yopirilgan koronavirusni qanday qilib to‘xtata oldi?](https://static.xabaruz.com/crop/6/6/720_460_95_661993722.jpg)
Italiya shimolidagi Vo Euganeo kommunasi koronavirus tarqalishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Holbuki, Italiya ayni paytda ko‘hna qit’ada infeksiya o‘chog‘i bo‘lib turgani sir emas. Xo‘sh, Vo Euganeo kommunasi qanday qilib COVID-19 virusi yo‘liga to‘g‘anoq bo‘la oldi?
Infeksiya tarqala boshlagan ilk kezlardanoq shaharcha ma’muriyati oshig‘ich ravishda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Koronavirus alomati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, hududda yashovchi 3400 nafar aholining barchasi ushbu infeksiya bo‘yicha tahlil topshirdi. Tekshiruvlarda aholining 3 foizi infeksiya yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Infeksiyaga chalinganlar va ular bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi qat’iy ravishda karantinga olindi.
Oradan o‘n kutib o‘tib, takroriy tekshiruvlar o‘tkazildi va kasallanish 90 foizga kamaygani aniqlandi.
Joriy yil 22-fevral kuni aynan Vo Euganeo kommunasida Italiya bo‘yicha koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgan edi. Shaharcha hokimi Juliano Martiniga ko‘ra, tekshiruv usuli orqali epidemiya tarqalishi to‘xtatildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreisus ham dunyo mamlakatlari hukumatlarini o‘z fuqarolarini koronavirus bo‘yicha tekshirishga chaqirmoqda. Janubiy Koreya ham aynan test usuli orqali vaziyatni nazoratga olganini qayd etish joiz.
Albatta, ko‘p millionli aholining barchasini koronavirus bo‘yicha tekshiruvda o‘tkazish imkonsiz. Bu katta mablag‘ talab etishi ham bor gap. Ammo mutaxassislar hech bo‘lmasa ushbu infeksiyaga chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni karantinga olish bilan cheklanmay, istisnosiz tekshiruvdan o‘tkazish lozimligini ta’kidlamoqdalar.
Vo Euganeo kommunasida COVID-19 pandemiyasi bartaraf etilgan bo‘lsa-da, ushbu ofat mamlakatning boshqa hududlariga mo‘r-malaxdek yopirilmoqda. So‘nggi 24 soat ichida Italiyada koronavirus bilan xastalanish natijasida 475 kishi vafot etdi. Mamlakatda qariyb 36 ming kishi virusni yuqtirgan, undan vafot etganlar soni 3 mingga yaqinlashdi. Rasmiy Rim pandemiyaga qarshi kurash uchun qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. Zotan, Italiya COVID-19 virusidan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatlar ro‘yxatida Xitoydan keyingi o‘rinda turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter