Global antirekord: bir haftada to‘rt milliondan ortiq inson kovidga chalindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus yangi antirekordini qayd etdi: o‘tgan hafta davomida 4,3 million kishiga koronavirus yuqdi, bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori (yomon) ko‘rsatkich.
Oldingi antirekord 16—22-noyabr davomida qayd etilib, jami 4 060 891 nafar bemor ro‘yxatga olingandi.
Oxirgi yetti kun davomida 70 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
Virusni eng ko‘p yuqtirishlar har ikki Amerikada kuzatilmoqda. Bir hafta davomida Yangi Dunyoda ikki milliondan ortiq insonga kasallik yuqqan, bemorlarning 29 ming nafari vafot etgan. Ayni bir paytda Yevropada so‘nggi uch hafta davomida vaziyat birmuncha barqarorlashayotgani ma’lum qilingan.
JSST ma’lumot berishicha, koronavirusni yuqtirish hamda o‘lim holatlari Afrikada o‘sishni boshlagan va aksincha, Janubi-Sharqiy Osiyoda bu ko‘rsatkichlar pasaymoqda.
Koronavirusning eng yirik o‘chog‘i hamon AQSh bo‘lib qolmoqda, «Worldometers»dan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallanish holatlari 17 095 415, o‘lim holatlari 310 207 nafarga yetgan.
Ikkinchi o‘rinda — Hindiston (kasallar — 9 932 908, vafot etganlar — 144 130), uchinchi — Braziliya (6 970 034/182 799).
Kovid-bemorlar soni milliondan oshgan mamlakatlar: Rossiya, Fransiya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Argentina, Kolumbiya, Germaniya, Meksika, Polsha va Eron.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter