Bu yilgi oddiy shamollashning hammasi koronavirusmi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Respublika Maxsus komissiyasi a’zosi Feruza Hamroboyeva ishtirokida brifing o‘tkazilgani xabar qilingandi. Brifingda koronavirus infeksiyasi borasida aholidan kelib tushgan savollar yuzasidan javob qaytarildi:
— Nima uchun PZR bilan birga boshqa usullar bilan virusni aniqlash yo‘lga qo‘yilmayapti?
— PZR tekshiruvidan tashqari ekspress-test, IFA va IXLA tahlil turlari mavjud.
Hozirda bu barcha test to‘plamlari respublikamizda yo‘lga qo‘yilgan. Xususiy klinikalarda ularni aniqlashga ruxsat berilgan.
Davlat tibbiyot muassasalarida ham bu testlar yo‘lga qo‘yiladi.
— Nega hech qaysi manbada xususiy klinikalarning IVL va boshqa kerakli apparatlar bilan jihozlangani bo‘yicha aniq raqamlar keltirilmaydi?
— Respublika bo‘yicha koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalar IVL (942) va SIPAP (2567) apparatlari, shuningdek, kislorod konsentratorlar bilan jihozlangan.
— Aytishlaricha, statsionarlarda bemorlar e’tiborsiz qolishyapti ekan, ularga o‘z vaqtida qaralmas ekan, bu borada to‘g‘ri ma’lumot bormi?
— Bemorlarni davolashga 10 mingdan ortiq mutaxassis, jumladan tibbiyot oliygohlarining yetakchi professor va ilmiy xodimlari jalb qilingan.
Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishda JSST va 50 dan ortiq davlat, jumladan Rossiya, Turkiya, Germaniyadan mutaxassislar bilan hamkorlik qilyapmiz.
— Har yili yozda terlab turib yaxna ichimlik ichish shamollashga olib kelgan-ku? Bu yilgi oddiy shamollashning hammasi koronavirus hisoblanadimi?
— Albatta yo‘q. Respirator infeksiyalari aholi orasida hozirgi vaziyatda ham uchrashi aniq, lekin kuzatuvlar bo‘yicha shamollash alomatlari paydo bo‘lgan ko‘pchilik aholi vahimaga tushib salomatliklariga putur yetkazmoqdalar.
Mutaxassislar fikricha, stress organizmning immun tizimini sustlashtiradi. Bu esa yuqumli kasallikka chalinishning asosiy omilidir.
— Kasallik ko‘payaversa, bemorlar soni oshib ketaversa, kasallarni davolash uchun joy yetadimi, shifokorlar-chi?
— Respublika maxsus komissiyasi tomonidan hokimliklarga hududlarda koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalarni tashkil etish, intensiv va reanimatsiya o‘rinlarini ko‘paytirish, ularni zarur tibbiy jihozlar va dori-darmon bilan ta’minlash va Toshkent shahridagi tajriba asosida COVID-19 hamda pnevmoniya bilan kasallanganlarga dastlabki malakali tibbiy yordam ko‘rsatadigan «maxsus poliklinikalar» tashkil etish masalalari yechimi yuklatildi.
25 iyul kuni 6035-son Prezident farmoni imzolandi, unga ko‘ra, yetishmayotgan mutaxassislarni tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, nafaqadagi shifokorlar, hamda boshqa tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan to‘ldirilishi nazarda tutilgan.
Undan tashqari, boshka tibbiy oliy ta’lim muassasalari tarafidan shifokorlarni zarur bo‘lgan mutaxassisliklar, jumladan, anesteziolog-reanimatologlar, o‘pka va yurak qon-tomir tizimi kasalliklari shifokorlarini qayta tayyorlash tizimi bo‘yicha o‘qitilishi yo‘lga ko‘yilganligi ayniqsa muhim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter