Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniyada COVID-19 bo‘yicha vaziyat izdan chiqdi

Britaniyada COVID-19 bo‘yicha vaziyat izdan chiqdi

Foto: «AP Photo»

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok hukumat koronavirusning yangi turi bo‘yicha vaziyat nazoratini qo‘ldan boy berganini ta’kidladi. Bu haqda «Sky News» yozmoqda.

«COVID-19ning yangi shtammi nazorati yo‘qotildi, endi odamlar, ayniqsa, Angliyaning eng qattiq cheklovlar joriy etilgan hududlarida yashovchilar, o‘zlarini xuddi virus bordek tutishlari lozim», — ogohlantirdi amaldor.

Vazir qo‘shimcha qilishicha, barcha Rojdestvoni intiqlik bilan kutyapti, biroq COVID-19ning tez yuquvchan yangi turi shiddat bilan tarqayotganini insobatga olgan hukumat qat’iy choralarni qo‘llashga majbur bo‘lmoqda.

Henkok kuchaytirilgan choralar, to vaksina joriy etilmagunicha, bir necha oy davom etishi mumkin dedi.

«Koronavirusning bu shtammi — ulkan muammo. <…> Bu qattiq nazorat qilishimiz shart bo‘lgan o‘limga olib keluvchi infeksiya edi, biroq COVID-19ning yangi mutatsiyasi ishimizni og‘irlashtirib yubordi», — dedi u.

Vazir, o‘z navbatida, yangi lokdaun kuchga kirishi arafasida Londonni tark etish maqsadida minglab odamlar vokzalda to‘planganini o‘ta mas’uliyatsizlik deb atadi.

Koronavirusga qarshi qattiq choralarni joriy etish masalasida yanvar oyida deputatlar ovoz berishadi. Ushbu cheklovlar poytaxt London, Angliya janubi-sharqi hamda sharqiy hududlarining ayrim qismlarini o‘z ichiga olishi kutilyapti.

Mutaxassislarga ko‘ra, Britaniyada tarqagan koronavirusning yangi mutatsiyasi odatdagisidan 70 foiz yuqumliroq bo‘lishi mumkin. Ammo u oldingisidan ko‘proq o‘limga sabab bo‘lishi borasida hozircha yetarlicha dalillar yo‘q.

Koronavirus mutatsiyasidan so‘ng London va Angliya janubi-sharqida eng qattiq cheklovlar joriy etilgan.

Buyuk Britaniyada pandemiya davrida COVID-19 qayd etilishi 2 milliontadan oshib ketdi, qurbonlar soni esa qariyb 68 ming nafarga yetgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring