Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Braziliya Trampi» mamlakatini JSSTdan olib chiqib ketmoqchi

«Braziliya Trampi» mamlakatini JSSTdan olib chiqib ketmoqchi

Jair Bolsonaru.

Foto: «France 24»

Koronavirus pandemiyasi fonida «mafkuraviy noxolislik» qilayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan Braziliya chiqib ketadi, dedi ushbu mamlakat prezidenti Jair Bolsonaru. Bu haqda «France 24» xabar berdi.

«Sizga aytyapman — AQSh JSSTdan chiqdi, keyinroq biz ham chiqishni rejalashtiryapmiz. Yo JSST noxolis mafkurasini yig‘ishtirsin, yo biz tashkilotdan chiqib ketaylik. Chetdan turib sog‘liqni saqlash haqida aql o‘rgatuvchilar bizga kerak emas», — dedi Bolsonaru.

«France 24» Bolsonaru ham xuddi Donald Tramp qilgan ishni qilib ketadi degan taxminda — Amerika rahbari JSST bilan aloqalarni uzgandi. JSSTning «aybi» Lotin Amerikasi hukumatlarini to koronavirus tarqalishi susaymagunicha karantinni bekor qilish mintaqa uchun og‘ir oqibatlarni keltirishidan ogohlantirgani bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Bolsonaru koronavirusni pisand qilmaydigan, karantinni bekor qilishning ashaddiy tarafdori bo‘lgan davlat rahbarlaridan biri. Karantinni olib tashlash uchun o‘ziga qarshi chiqqan sog‘liqni saqlash vazirini ishdan bo‘shatib yubordi. Koronavirusni oddiy grippga tenglashtirgan ham shu Bolsonaru.

Shu «oddiy gripp» qurbonlari soni bo‘yicha mamlakat dunyoda uchinchi o‘rinda, kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha esa AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda — Bolsonaru tom ma’noda Trampni «ta’qib qilyapti».

Braziliyadagi «Folha» gazetasi yozishicha, mamlakat prezidenti 100 kun oldin «oddiy gripp»ga tenglashtirgan kasallik har daqiqada bir braziliyalikning jonini olyapti.

«Worldometer» xabariga ko‘ra, Braziliyada 677 ming nafardan ortiq inson koronavirus bilan kasallangan, tuzalganlar soni 302 ming nafardan, qurbonlar soni 36 ming nafardan oshgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring