Bir kunda 697 bemor: Armaniston koronavirus bosimiga dosh berolmayapti
Armanistonda o‘tgan sutkada COVID-19 kasalligiga chalingan 697 kishi aniqlandi. Intensiv terapiyaga muhtoj bu bemorlarni vaqtida joylashtirishga tibbiyot xizmatlari ulgurmayapti. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun «Facebook»dagi jonli efirda ma’lum qildi.
«Bizda noxush xabarlar. Bir kunda 697 ta yangi holat aniqlandi. Olti kishi bevosita koronavirusdan vafot etdi, olamdan o‘tgan yana to‘qqiz kishida boshqa kasalliklar ham bo‘lgan», — dedi Pashinyan.
Bosh vazirning aytishicha, 75 foiz bemorlar koronavirusni simptomsiz o‘tkazib yuborishyapti, biroq qolgan 25 foiziga kasalxona va intensiv terapiya kerak, ushbu sharoitda tibbiyot xodimlari imkoniyatlarining so‘nggi chegarasida ishlashyapti.
Yaqinda bergan bayonotida Pashinyan kasalxonalarda bo‘sh joylar deyarli qolmaganini, koronavirus sur’atini bir kunda to‘xtatib bo‘lmagani uchun tez orada umuman joy qolmasligini ta’kidlagandi. Agarda biz joriy etgan me’yorlarga amal qilinganida kasallar soni 95 foiz kam bo‘lardi, degandi u.
Armaniston yagona axborot markazi xabar berishicha, mamlakatda koronavirusni yuqtirganlar soni 11 221 nafarga yetdi. Jami 3468 nafar bemor sog‘aygan, qurbonlar soni — 176 nafar.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va uning oilasi koronavirus bilan kasallangani haqida 1-iyun kuni xabar tarqagandi. Pashinyan kasallikni ishchi yig‘ilishda yuqtirib olganini gumon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter