«Amir Temur doda, karantin qachon tugeydi, eti-ing?!»
Poytaxtning markaziy hiyobonida karantin talablarini buzgan holda zaruriyatsiz yurgan yoshlarning kimligi aniqlanib, jazoga tortildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 2020 yilning 1 aprel kuni soat taxminan 18.00lar atrofida K. Majidova (1998 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), U. Hamidov (1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) va O. Razikov (1990 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) Amir Temur hiyobonida karantin talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz yurib, koronavirus epidemiyasi O‘zbekistondan qachon ketishi haqida buyuk bobomiz shaxsiga behuramatlik qilgan holda unga o‘rnatilgan haykaldan o‘zlaricha so‘rab, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik ifodalangan mazkur harakatlarini videotasvirga tushiradi. Olingan videolavhani esa 2020 yil 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishadi.
Olib borilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, ularning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) hamda 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
Ayblovlar o‘z tasdig‘ini topgani bois Yunusobod tuman ma’muriy sudining 2020 yil 7 apreldagi qaroriga ko‘ra, ularning har biriga nisbatan uzil-kesil 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter