101 yoshli ayol uch marta koronavirusga chalindi

Italiyaning Lombardiya viloyati Ardenno shahrida yashovchi, iyulda 101 yoshni qarshilagan Mariya Orsinger uch marta koronavirusga chalindi, lekin, shunga qaramay, o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Kasallik keksa ayolda birinchi marta fevral oyida, Italiyada COVID-19 epidemiyasi endi boshlanganda qayd etildi. Infeksiyaning asosiy o‘chog‘i ham aynan Lombardiyada joylashgan.
«Onamni shifoxonaga yotqizishdi, o‘shanda ham shifokor menga keksa bemorlardan hech qaysisi kasallikni bunchalik yengil o‘tkazmaganini aytgandi. Uning isitmasi deyarli chiqmadi va mustaqil o‘zi nafas oldi. Biroq ikki oy oldin koronavirusga topshirgan yangi test natijasi ham musbat chiqdi», — deya «La Provincia di Sondrio» gazetasiga ma’lum qildi ayolning qizlaridan biri Karla.
Sentyabrda Apenninda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanganda Orsinger yana shifoxonaga tushib qoldi. Yaqinlarining guvohlik berishicha, bu safar uning ozgina isitmasi chiqqan, ammo kasallik ancha yengil ko‘rinishda o‘tgan.
«Onam 18 kun shifoxonada yotdi. Shifokorlar va hamshiralar bizga har kuni qo‘ng‘iroq qilib turishdi. Ular onamning kasallikni yengil o‘tkazayotganidan hayratda edilar», — deya ta’kidladi bemorning boshqa qizi Ines.
Shifoxonada Orsinger unga «Mariya buvi» deb nom berishdi. Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, chinakam metin fe’l-atvor sohibasi bo‘lgan mitti va nozik ayol hech qachon hech nimadan shikoyat qilmagan. Test natijasi manfiy chiqqandan so‘ng keksa ayolga shifoxonadan ruxsat berishdi. U olti yildan beri yashayotgan qariyalar uyiga qaytib bordi.
«O‘tgan hafta bizga qo‘ng‘iroq qilishib, koronavirusga umumiy tekshiruv paytida onamizda test natijasi yana musbat chiqqanligini aytishdi. Bu safar u yolg‘iz o‘zi kasallandi. Lekin uni hech qanday alomat bezovta qilmayapti, o‘zini yaxshi his qilyapti, hatto, ishtahasi ham joyida. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, hozircha biz uni borib ko‘rolmaymiz, lekin, uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapmiz», — deydi Ines.
Mariya Orsinger 1919-yil 21-iyulda — ispan grippi pandemiyasi ayni avjiga chiqqan pallada dehqon oilasida dunyoga kelgan. Garchi «ispanka» bilan og‘rimagan bo‘lsa-da, Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘p sinovli damlarni boshidan o‘tkazdi. Urush yillari paytida turmushga chiqdi. Keyinchalik olti bolani dunyoga keltirdi, turmush o‘rtog‘ining birinchi nikohidan bo‘lgan ikki o‘g‘ilni ham qabul qildi. Butun umri davomida «Mariya buvi» mustahkam sog‘lig‘i bilan ajralib turgan. Farzandlarining so‘zlariga ko‘ra, u hamisha mehnatni eng yaxshi dori deb bilgan. So‘nggi yillarda unga noqulaylik tug‘dirayotgan yagona noxushlik bu karlik hisoblanadi.
COVID-19 epidemiyasi davrida italiyalik shifokorlar koronavirusga qayta chalinish holatini bir necha bor qayd etishdi. Shu bilan birga, ekspertlar test natijalari noto‘g‘ri chiqishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter