«Zakovat» klubining ilk kastingi: «Bay, bay, bay! Qani edi bu o‘zbek o‘g‘lonlari... »
«Erta bahor kunlari edi. Saharda bir qarindoshning to‘yiga bobomlar bilan birga bordik. Kun sovuq, endi tong otmoqda edi. Ko‘pchilik aytilgan bo‘lsa kerak, ko‘chada saf tortib, osh yeyishga navbat kutib, odob bilan bobomlarni oldinga kuzatayotgan tumonat odamlarni ko‘rib, hassaga ikki qo‘lini qo‘ygan holda to‘xtadilar. «Bay, bay, bay! Qani edi bu o‘zbek o‘g‘lonlari shu tartibda, shunday g‘ayrat va ixlos bilan Vatan ozodligi uchun jangga kirsa!» deb, tizilib turgan uzun safga zavq bilan uzoq tikilib qolganlarini eslayman» degan edi Alixon To‘ra Sog‘uniyning nevarasi Uvaysxonto‘ra Shokirov.
28 fevral kuni Humo Arena saroyida «Zakovat» intellektual klubi a’zoligiga Toshkent viloyati va shahridan ariza topshirganlar uchun kasting o‘tkazildi. Kastingga qiziqish shu darajada bo‘ldiki, Humo Arenaga kirish eshiklaridan kirish uchun 2 soatlab navbatda turasiz. Kastingda «Xabar.uz» muxbiri ham qatnashdi.
Tashkilotchilarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «Zakovat» intellektual klubiga a’zo bo‘lish uchun ariza berganlar soni 13 mingdan oshgan bo‘lib, ularning 11 111 nafari yakka tartibda ariza topshirganlar bo‘lsa, 1 932 kishi 322 ta jamoaga birlashgan holda ro‘yxatdan o‘tgan. Toshkent viloyati va shahrida kasting uchun ham minglab yoshlar yig‘ildi.
Ilm bu cheksiz ummon. Faqat ilmgina sizni yuksaklikka olib chiqa oladi. Tadbirda so‘zga chiqqan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov o‘z nutqda aynan shularni ta’kidlab o‘tdi.
Komil Allamjonov ixtirolar, yangiliklar va inqilobiy o‘zgarishlarni faqat televizordan ko‘rib, ajdodlar bilan faxrlanib yashashdan tashqari, ilmni trendga chiqarish zarurligi haqida gapirdi. «Biz o‘tmishdagi ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Suratlarini devorga ilib g‘urur bilan shularning avlodlarimiz deymiz. O‘zimizga kelganda esa «Kelajagimiz buyuk bo‘lishi»ga ishonamiz. Ammo qo‘limizda na bir arzugulik kashfiyot, na arzigulik loyiha bor».
Mass-media fondi raisining ta’kidlashicha, bolaning shakllanishida oilaviy muhit, ota-onaning o‘rni, ta’siri juda katta: «O‘qib, shahar oberarmiding?», «Podderjka qiladigan kimimiz bor, nimangga ishonyapsan?», «Hadeb kitob titgandan ko‘ra, bor, mol-holga qarasang-chi», degan gaplarni ko‘p oilalarda eshitamiz. Balki o‘zimizga ham aytilgandir bunday gaplar. Shunaqa gaplarni eshitgan bola qaddi bukik, bo‘yni egik, hayotdan hafsalasi pir bo‘lib voyaga yetishi aniq. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan, birovga qaram millat ana shunday shakllanadi».
Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva «Zakovat» intellektual klubi kastingi tadbirida o‘z nutqini Mujodala surasi, 11-oyat «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…», bilan o‘z so‘zini boshladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Mirziyoyeva klubga a’zo bo‘lgan xotin-qizlarni alohida qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Intellektual o‘yinlarning tashkil etilishida Mass-media fondi raisi o‘rinbosarining o‘rni beqiyos. «Men oramizda qizlar ham borligidan xursandman. Aziz opa-singillarim, siz bizning faxrimizsiz. Sizda orzu-maqsadlarimiz timsolini ko‘ryapmiz», dedi Mirziyoyeva.
Zakovatning kasting jarayoni ham yuqori kayfiyatda tashkil qilindi. Dastlab 30 ta faktga asoslangan qisqa savollar o‘qib eshittirildi, so‘ngra 10 ta mantiqiy savolga navbat berildi. Tadbir konsert bilan davom etdi.
«Zakovat» turnirlari uchun 1 mlrd 690 mln so‘m ajratilgan. Toshkent shahri va viloyati o‘yinlari uchun ajratilgan yutuq fondi esa 130 million so‘m. Ajratilgan mablag‘ breyn-ring tanlovlari tashkil etilib, unda g‘olib bo‘lgan jamoalarga taqdim etiladi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda ayrim salbiy fikrlarga ham sabab bo‘lgani rost. «Shuncha pulni sarflash nega kerak edi?», «Undan ko‘ra, shu pulga nechta oilaga uy olib bersa bo‘lardi», «Shu pulni ilmiy loyihalarga tikish kerak edi», «Shuncha pul zoye ketdi» kabi sharhlar berildi. Ta’limga sarmoya kiritish - nega bu hech qachon isrof bo‘lmaydi? Soxta iqtisodiyot, millat tannazuli ta’limdan investitsiyani tejashdan kelib chiqadi. Bu xuddi rentgen ko‘zoynagi orqali dunyoga qarashga o‘xshaydi. Ilmga tikilgan pullar bir kunda, bir oyda, bir yilda o‘z natijasini ko‘rsatmasligi mumkin, ammo yillar o‘tib bu o‘z natijasini beradi. Ilmli inson ertaga nafaqat o‘ziga, balki butun millatiga foyda keltiradi.
Ilm yo‘liga sarflangan har qanday mablag‘ yaxshi investitsiyadir. Komil Allamjonov ta’kidlaganidek, biz ilm yo‘lidagi shahdingizni so‘ndirmoqchi bo‘lgan hech kimga quloq solmasligimiz zarur. Zakovat o‘yinlari respublikamiz bo‘ylab davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter