Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozuvimizdagi xatolar qayerdan kelyapti?

Yozuvimizdagi xatolar qayerdan kelyapti?

Foto: «Xabar.uz»

Bundan bir necha kun avval yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlandi. Ushbu kunda men ham o‘zgacha hayajonlanaman, jurnalist do‘st va tanishlarimni bayramlari bilan tabriklayman. Bu azboroyi qalam ahllariga bo‘lgan hurmatim yuqoriligidan. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta.

1946-yilning 12-iyulida xorazmlik o‘qituvchi Matrasul Xudoybergenov oilasida tavallud topganman. Ota-onamning to‘qqiz nafar farzandi bo‘lgan. Ular bizning har birimizni o‘qimishli insonlar bo‘lishimiz uchun harakat qilishdi. Bu yo‘lda vaqtini ham, sog‘lig‘ini ham ayashmadi, natijada hammamiz oliy ma’lumotli mutaxassislar bo‘ldik.

Uzoq vaqt davomida Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasini boshqargan otam bir muddat «Xorazm haqiqati» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ham ishlagan. O‘shanda u kishining har bir so‘zni inju kabi ehtiyot qilishlariga, o‘z o‘rnida ishlatishga harakat qilganlariga guvoh bo‘lganman. Padarimiz biz farzandlardan ham so‘zga ana shunday munosabatda bo‘lishimizni talab qilar, o‘sha davr taqozosiga ko‘ra garchi rus tilidagi maktabda o‘qigan bo‘lsak-da, o‘zbek tilini puxta o‘rganishga da’vat etardi.

Otam shu darajada ko‘p matbuot nashrlariga obuna bo‘lardiki, pochtachining gazeta-jurnallar solgan sumkasi bizning uyimizda bo‘shab qolardi. Biz ana shu nashrlarni talashib mutolaa qilardik. Gazeta-jurnallar bizni har bir voqea-hodisa ustida mulohaza qilishga, eng muhimi, so‘zlarni bexato yozishga o‘rgatdi. Shu sabab garchi avval maktabda, 1964-1969 yillar davomida Toshkent elektrotexnika aloqa institutining rus guruhida ta’lim olgan hamda dastlab ish faoliyatimda ham shu tilda ish olib borgan bo‘lishimga qaramay hamon o‘zbek tilidagi asarlarni sevib o‘qiyman, mulohaza qilaman, ming shukurki, bexato yozaman.

Pensiyada emasmanmi, nevaralarim bilan go‘zal poytaxtimiz ko‘chalarini aylanib, yangidan-yangi bunyod etilayotgan binolarni, bog‘ va xiyobonlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘raman. Ana shunday paytlarda bir narsa dilimni xira qiladi. U ham bo‘lsa, reklama va yozuvlardagi xatolardir. 

Ko‘chalardagi e’lonlarni o‘qiyman: «Gijduvan shashliklari», yonida esa «Samsa s myasom, s kartoshkom, s tikvom» so‘zlarini katta harflarda yozib, ilib qo‘yishibdi. Shuningdek, «Guzallik saloni Kamila», «Fotosalon Eldar» kabi peshlavhalar. Na ona tilimizda va na rus tilida to‘g‘ri yozilmagan jumlalar. Bu kabi xatolar qayerdan kelyapti? Albatta, ularni yozgan odamlarning chalasavodligidan. Bu chalasavodlikka sabab nima? Birinchi navbatda, maktabda yaxshi o‘qimaganlik, qolaversa, yoshlarimizning mutolaa qilmay qo‘yganidan, deb o‘ylayman.

Qolaversa, millionlab yoshlarimiz foydalanayotgan internet va ijtimoiy tarmoqlarda imlo xatolari bilan yozish urf bo‘lib qolgan. Shu tariqa biz so‘zlardagi xatolarni oddiy hol deb bilyapmiz, ularga ko‘nikib boryapmiz. Eng yomon tomoni ham shu.

Texnologiyalar qanchalik taraqqiy etmasin, savodxonlikni oshirishda gazeta, jurnal va kitoblarning o‘rni saqlanib qolaveradi, nazarimda. Inson mutolaa jarayonida nafaqat badiiy ozuqa oladi, so‘zlarni to‘g‘ri yozish ham yodida muhrlanib boradi. Biz farzandlarimizni kitobga, matbuot nashrlariga o‘rgatsak, chalasavodlikdan ham ma’lum darajada qutulgan bo‘larmidik.

Zevar Xudoybergenova, faxriy

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring