Yoz juda issiq boshlandi, lekin bu — «rekord» emas!
Hatto bizning O‘rta Osiyo iqlimimiz uchun ham 2023 yil yozining boshi juda issiq bilan boshlandi. O‘zbekiston hududida birinchi o‘n kunlikning o‘rtacha harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 2-4 darajaga yuqori bo‘ldi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar bermoqda.
Havo haroratining eng yuqori qiymatlari o‘n kunlikning o‘rtalarida kuzatildi. Shu kunlarda kunduzi havo 38-40 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 42 darajagacha isidi.
Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, nisbatan salqin havo oqimi respublika hududi bo‘yicha harorat fonini biroz pasaytirdi. Haroratning eng sezilarli pasayishi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida kuzatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati 7-10 darajagacha pasaydi. Respublikaning qolgan hududlarida haroratning pasayishi uncha ifodalanmadi, ammo baribir haroratni 4-6 darajaga pasayishi sezildi.
Biroq, shu haftaning boshidan harorat yana ko‘tarila boshladi. Hafta oxiriga kelib, 37-40 daraja, janubda va cho‘l hududida 41-42 darajagacha isidi.
Iyun oyida bunday harorat qiymatlari o‘z-o‘zidan istisno emas. Ammo, yozning boshida havo harorati me’yordan sezilarli darajada bunday uzoq davr ko‘tarilishi O‘zbekistonda har yili kuzatilmaydi.
So‘nggi marta bunday issiq ob-havo 2021 yil iyun oyining birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida kuzatilgan. 2021 yil iyun oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq oy bo‘lgan. O‘shanda maksimal harorat 42-44 darajaga, respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 45-46 darajaga yetgandi.
Shunday qilib, harorat qiymatlariga ko‘ra, ushbu yilning iyun oyi 2021 yilning eng issiq iyuniga «yeta olmadi», deyiladi «O‘zgidromet» xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter