Yoqilgan yuk mashinasi, tartibsizlik sabablari — Qoraqalpog‘iston voqealari o‘rganilmoqda
Qoraqalpog‘istonda 2022-yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Komissiya a’zolari guruhlarga bo‘lingan holda o‘rganishlar olib bormoqda.
Xususan, komissiya a’zolari bo‘lib o‘tgan voqealardan jabr ko‘rgan fuqarolar — Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi Umid Muhamedov va Iskandar Ikramovlar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ularga tegishli bo‘lgan avtomashina bo‘lib o‘tgan voqealar oqibatida yonib ketgan. Avtomashinaning holati voqea sodir bo‘lgan joyga borgan holda o‘rganildi.
Shuningdek, komissiya a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi ma’muriy binosiga o‘tkazish punktida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. O‘rganishlar jarayonida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar vaqtida amalga oshirilgan harakatlar, tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha qilingan choralar haqida batafsil so‘zlab berishdi.
Bundan tashqari, komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari bilan muloqotlar qilishdi. Deputatlar bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha aholining xabardorligi, ushbu tartibsizliklarning kelib chiqish sabablari to‘g‘risidagi fikrlar almashildi.
Komissiya a’zolari shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi ma’muriy binosi va hududi xavfsizligini ta’minlovchi va ushbu voqealar bo‘lgan kuni xizmatda bo‘lgan xodimlar bilan uchrashishdi. Suhbat davomida Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar vaqtida xodimlar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar, ko‘rilgan choralar haqida ma’lumotlar olindi, deyiladi Ombdusman xabarida.
Komissiya a’zolarining o‘rganishlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter