Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Yo‘l noziri bilan haydovchi. Ular qachon do‘stlashadi?

Yo‘l noziri bilan haydovchi. Ular qachon do‘stlashadi?

YHXX xodimi haydovchi xonimga bayram munosabati bilan gul tutqazmoqda.

Foto: ok.ru

Yo‘l noziri:

– Siz yo‘l harakati qoidasini buzdingiz!

Haydovchi:

– Nahotki bundan xursand bo‘lmasangiz?

Latifa.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda YHXX (biz bu xizmatni qisqa qilib «GAI» deyishga odatlanganmiz) xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi ixtiloflar haqidagi videolavhalar tarqalmoqda. Bir qarasang Qashqadaryoda, bir qarasang boshqa yoqda ro‘y bergan voqealar. Lavhalar yuzasidan bildirilayotgan fikrlar ham xilma-xil: kimdir YHXX xodimini ayblab, uning ustidan kulsa, boshqa birov haydovchini madaniyatsizga chiqarayapti. Mening nazarimda esa har ikkala taraf ham «prinsip»ga borgandek go‘yo. Haydovchi mijg‘ovlanmay, shartta-shartta gapirishi kerak edi, videoda esa ermak qilayotgandek tuyulgan. YHXX xodimi ham qonun bo‘yicha talab qilinayotgan guvohnomasini ko‘rsatsa bo‘lardi, vaholanki, hujjati uyida qolib ketgandek tutgan o‘zini!

Ha, bugun zamonaviy telefon, videoregistrator, internet ko‘p jarayonlarni fosh etmoqda. Aslida nazoratchilar bilan kelishmovchiliklar bo‘lib turishi yangilik emas. Ularning ayrimlari qo‘pol muomala qilishi ham bor gap. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Eng yomoni shundaki, YHXXning ba’zi xodimlari qoidani buzishingni kutib turadi. Isbot kerakmi, marhamat: ular radar qurilmasidan yashirincha foydalanadi, o‘zlari ham ko‘p hollarda pistirmada turishadi. Deylik, daraxt panasi, qandaydir to‘siqlar orqasiga radar qo‘yib, tezligi me’yoridan oshirilgan avtomobillarni aniqlaydilar.

Xo‘sh, bundan maqsad nima? Yo‘l qoidasini buzgan haydovchilarni jazoga tortish, to‘g‘rimi? Endi yaxshilab o‘ylab ko‘raylik, aslida maqsad qoida buzilishining oldini olish bo‘lishi kerak emasmi? Shunday ekan, YHXX xodimlari ham, radar ham ko‘chaning ko‘rinarli joyda turishi ming karra yaxshi-ku! «Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich!». Axir katta tezlikda avtomobil haydayotgan haydovchi YHXX xodimini va mashinasini ko‘rsa, tezlikni pasaytiradi-ku! Bu bilan xavf-xatar bartaraf etiladi. Chuqurroq mulohaza qilinsa, muhimi shu! Qonunlar ham me’yorlar buzilishini emas, balki ana shu buzilishning oldini olishga qaratilmog‘i kerak emasmi?

Men bu bilan haydovchilarni oqlamoqchi emasman. Qoidabuzarlarni sira oqlab bo‘lmaydi! Ular qoidani buzayotganlarini biladi, ko‘ra-bila turib shunday ish tutadiganlar bor. Chorrahalardagi betoqatlik, o‘zaro so‘kinishlar asabni buzadi, xolos. Asab buzilganda esa sira avtomobil boshqarish kerak emas. Bu xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin. YHXX xodimi haydovchiga chin ma’noda yordam bermog‘i zarur. Keksa haydovchilar hatto «Xayriyat, shu «GAI» xodimlari bor ekan, aks holda yo‘ldagi tartib alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketardi» deyishadi. Aslida YHXXning ayrim xodimlari haydovchiga yon bosadi ham. Deylik, jarima miqdorini tushirish uchun bayonnomaga yengilroq qoidabuzarlikni qayd etadi. Ko‘pchilik haydovchilar bilan shunday bo‘lgan.

Bu bilan nima demoqchiman? Yo‘l noziri ham, haydovchi ham saviyalarini ancha yuksaltirishi zarur! Nozir avtomobil boshqarayotgan insonga yordam berishni o‘zining asosiy burchi deb hisoblasin. Haydovchi YHXX xodimini ko‘rganida kapalagi uchib ketmasin, aksincha, xursand bo‘lsin (oxirgi jumlani yozib, negadir kulib yubordim). Yo‘l noziri bo‘lmaganda ham qoidani buzmasligi kerakligini chin dildan anglab yetsin.

Afsuski, bunday yondashishimizga hali ancha bor!

Yana bir gap: haydovchilardan talab qilinadigan hujjatlar borasida islohotlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Toki bu avtomobil egalariga yengillik, qulaylik tug‘dirsin! Masalan, xorijda, xususan, Yevropada bir mashinani egasidan tashqari boshqa shaxslar ham haydab ketaverishi mumkin, roziligiga ko‘ra, albatta. Notarius tasdiqlagan ishonch qog‘ozi, allambalo hujjatlar talab qilinmaydi. Bizda esa otaning avtosini o‘g‘il boshqarishi (yoki teskarisi) uchun albatta ishonchnoma kerak. Boshqarmalardagi turnaqator navbatni aytmaysizmi? («Turnaqator» deb chiroyli so‘z ishlatdim, aslida bizda bitta tuynukka hamma har tomondan yopirilib, «arining uyasi» bo‘lib ketadi.) Bu tizim hozirgacha zamonaviylishmadi. Yo‘l qoidasini buzganing uchun haydovchilik guvohnomangni olib qo‘yishsa, ish vaqtingdan kechib, huv falon joyga borib jarima to‘laysan, pismadon muddatdan so‘ng yana falon kuni borib, uni qaytarib olib kelasan! Ketayotgan vaqt bilan ishlari yo‘q.

Jarima maydoni bilan bog‘liq tashvishlarni aytmaysizmi! Kecha bir ukamiz qo‘ng‘iroq qilib qoldi: «Mashinamni endigina ustadan chiqargan edim. Yo‘lda bir avtomobil lop etib chiqdi. Mashinamni to‘xtatishga ulgurmadim, borib daranglatib soldim. Nima qilay, svetofor ishlamayotgan ekan, aks holda bunaqa hodisa bo‘lmasdi. Mashinamni «shtrafnoy stoyanka»ga qo‘yishdi. Bu masala hal bo‘lguncha o‘sha yerda turadi endi. Har kuni falon pul!».

Men bu bechoraga chin dildan hamdardlik bildirdim!..

Anvar Namozov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring