«Yig‘ilish qanday o‘tdi? Bilasiz-ku, aka...»
Kecha xizmat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmatiga sim qoqqandik, biroq mas’ul xodim bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Kechroq mas’ul xodimning o‘zi biz bilan bog‘lanib, uzr aytdi (ko‘ngilni xunob qiladigan darajada diplomat bo‘p ketadi-da goho!), Bosh prokuror hududiy prokuratura organlari rahbarlari bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan ekan, shu tadbir bilan andarmon bo‘lganini bildirib, gap oxirida odatiy so‘zlarini takrorladi: nima xizmat, aka?
Bosh prokuror yig‘lishidan endigina chiqqan xodimning qulog‘iga gap kirarmidi? Eshitgan gaplar, «oborib-olib kelishlar-u» berilgan topshiriqlarni «hazm qilish» uchun picha fursat talab etadiki, asosiy so‘rovnomani nasiya qilib, yig‘ilish qanday o‘tgani so‘raldi.
Javob: «Bilasiz-ku, aka...».
«Kengroq bildiring, baribir axborot berasizlar-ku?!».
Go‘shakdan «qult-qult» ovoz eshitildi, chamasi, mas’ul xodim tomog‘ini hullab, chuqur nafas olgach, videselektorda ko‘tarilgan masalalarning matbuotga aytish mumkin qirralari haqida (mas’ul xodim ancha xushyor!) muxtasar axborot berishga tushdi:
«... Bilasiz, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq ahvol murakkablashmoqda. Karantin choralari muddatlarining uzayib borayotgani ehtiyojmand oilalarni qiyin ahvolga solib qo‘yishini aytish shartmas. Shundan kelib chiqib, bugungi yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligi ta’minlash va bu borada prokurorlar mas’ul bo‘lgan sektorlardagi ahvol muhokama qilindi.
Ko‘p marta tanqid qilinganiga qaramay, sektorlar faoliyatida ayrim jiddiy kamchilik va nuqsonlar yo‘q emas-da. Shu uchun Bosh prokuror joylardagi ko‘pgina xodimlarimizni rosa «oborib-olib keldi». Bahona-yu vajlarga quloq solgani yo‘q: «udda qilsang — ishla, yo‘qsa, to‘rt tomoning qibladi» — talabi shu. Imkoniyat yo‘q emas, hamma gap ishtiyoqda, deyildi. Ayrim hududlarda oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va jamoat ishlariga, shuningdek investitsiya, agrosanoat, qurilish loyihalari asosida ish o‘rinlariga ehtiyojmand oilalar a’zolarini jalb etish mumkin. Bo‘sh turgan davlat ob’yektlaridan foydalanish masalasiga yanada jiddiy qaralsa, joylardagi aholi bandligiga oid muammoga ozir-ko‘pdir yechim bo‘ladi-da.
Aytgancha, aholini hunarmandlikka jalb etish borasida Surxondaryo hamda takroriy ekin ekish uchun yer ajratish borasida Andijon viloyatlarining ijobiy tajribalari haqida yaxshi gaplar bo‘ldi. Shunday tajribalardan samarali foydalanish lozimligi ta’kid etildi.
Joylardagi muammoni bilish uchun u haqda to‘liq tasavvurga ega bo‘lish talab etiladi. Ayni shu maqsadda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, joylardagi sektorlar shtablarida «call-center» markazlari tashkil etgan holda ma’lumotlar kiritish jarayonini qat’iy kunlik nazoratga olish talabi qo‘yildi. Busiz iloji yo‘q, aks holda haqiqiy ahvol qog‘ozda boshqa, amalda boshqa bo‘p ketishi mumkin. Shundan kelib chiqib, har bir mas’ul prokuror xodimning shaxsiy javobgarligi masalasi belgilandi...».
«...Karantin qoidalariga rioya etish? Bu eng og‘riqli masala-ku?! Shunday ekan, hududlarda karantin qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga, infeksiyaning aholi orasida keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha prokurorlar alohida topshiriq oldi», deya gapini yakunlagan mas’ul xodim «Shu gaplarimni yozasizda, a?» dedi bilib turgan bo‘lsa ham.
— Bo‘lmasa-chi? Mana, yozib ham bo‘ldik...
— Unda shoshmang, hozir yig‘ilishdan olingan suratlarni yuboraman...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter