«Yaxshi yashaylik!»
Barchaning yaxshi yashagisi keladi. Yaxshi hayot esa o‘zi kelmaydi. Unga fidoyilik, mehnat va matonat, ilm hamda muhabbat bilan erishish mumkin. Quyida sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan millatning buguni «yo‘qdan bor bo‘lgan» deyiladi.
1953-yil, yozning so‘nggi oyi. Uch yil davom etgan urush xalqning qaddini bukdi, barchani xonavayron qildi, ochlik va janglar 6 million nafar inson hayotiga zomin bo‘ldi.
Koreya Respublikasi 1953-yili jahondagi eng kambag‘al davlat bo‘lgan.
«Koreya urushi»dan chiqqan Koreya yarimorolining qoq o‘rtasidan chegara tortilib, janubiy qismda Koreya Respublikasi tashkil etiladi. Bu yangi davlatning yillik umumiy yalpi ichki mahsuloti kishi boshiga 67 AQSh dollarini tashkil qilgan. Yiliga 340 million dollarlik mahsulot import qilingan bo‘lsa, eksport qilingan guruch, temir, ipak, ko‘mir, baliq va jundan mamlakat budjetiga 33 million dollar mablag‘ kelib tushgan. O‘sha davrdagi hisobotlarga ko‘ra, Koreya Respublikasi jahondagi eng kambag‘al davlat bo‘lgan.
Xalqaro ekspertlar katta minbarlardan turib vayronaga aylangan Janubiy Koreyadagi ahvolni yaxshilash uchun yuz yillar ham kamlik qilishini ochiqchasiga e’lon qilishgan. Oz miqdordagi tabiiy resurslar, vayron bo‘lgan infratuzilma, ta’lim darajasining pastligi, hududning 70 foizi tog‘-toshdan iborat ekani rivojlanishga bo‘lgan umidni xippa bo‘g‘ar edi. Biroq, yo‘qchilik va urush millatni uyg‘otgan, Janubiy Koreya o‘zgarishga tayyor edi.
Janubiy Koreya hukumati va xalqi kelajak bugun tayyorgarlik ko‘rganlarniki bo‘lishini angladi, ta’limga jamiyatni o‘zgartiruvchi kuchli qurol sifatida qaraldi. Iqtisodiyot achinarli ahvolda bo‘lsa ham, ta’limga yirik miqdorda pul tikildi. Koreyaliklar farzandlarini ularni ta’lim olishdan chalg‘itadigan har qanday yumushlardan ozod qildilar. Mashaqqat bilan ilm olish evaziga muvaffaqiyatga erishish har bir koreyalik yoshning qat’iy maqsadiga aylandi.
Mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlar yangicha uslubda qurila boshlandi. Har bir mahallada boshqaruvning markazlashgan shakli tatbiq qilindi. Hamma teng — kambag‘al ekani jamiyatda raqobatning adolatli oqimini shakllantirdi. Jonbozlik ko‘rsatgan va yangi tashabbuslar bilan chiqqan fuqaro, mahalla hamda hudud hukumat tomonidan har tomonlama rag‘batlantirildi.
Tez orada sifatli ta’lim tizimi mahsuli sifatida mehnat bozoriga malakali ishchi kuchi kirib keldi. Bu omil esa bir necha yillardan keyini zavod va fabrikalarning rivojlanishi, shu orqali mamlakat iqtisodiyotining oyoqqa turishida muhim omil bo‘ldi. Ilk avlod keyingilarning baxtli yashashi uchun o‘zini tamomila mehnatga bag‘ishladi.
1961-yilda ilk besh yillik iqtisodiy rivojlanish rejasi qabul qilindi. Uni amalga oshirish uchun mablag‘ kerak edi. Davlat iqtisodiyoti uchun 140 million marka miqdoridagi ilk sarmoya G‘arbiy Germaniya tomonidan kiritildi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, minglab koreyalik konchilar va hamshiralar ishlash uchun Germaniyaga jo‘nab ketdilar. Ular ishlab topgan mablag‘ evaziga mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilindi. Jamg‘arma hisobidan dastlab portlar, yo‘llar, temiryo‘l va aloqa tarmoqlari, sug‘orish tizimlari, elektr stansiyalari quriladi.
Yengil sanoat oyoqqa turib, to‘qimachilik, yasama soch tayyorlashda Koreya Respublikasi jahondagi birinchi raqamli davlatiga aylanadi. Shuningdek, ayollar mehnat qiladigan boshqa sanoat sektorlarida ham jadal o‘sish kuzatiladi.
Siyosat va iqtisodning oqilona muvofiqlashtirilgani, sanoat infratuzilmasining muntazam rivojlantirilishi natijasida 1961-yillarga kelib yillik eksport hajmi 36,6 foizga oshadi. 1964-1965-yillarda bozorda mahsulotlarga talab oshgani bois hukumat erkin tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘ra boshlaydi.
Hukumat 1960-yillarning o‘rtalarida asta-sekin oyoqqa turayotgan kompaniyalarni qo‘llash siyosatini tatbiq qilishga kirishdi. Kompaniya rahbarlari va iqtidorli mutaxassislar biznes boshqaruvi hamda ilmiy yo‘nalishlarda yetakchi davlatlarga o‘qishga yuborildi. Hukumatning ko‘magi bilan xususiy sektorda og‘ir sanoat, kimyo texnologiyalari, elektronika, kommunikatsiya, ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ish boshlagan kompaniyalar oldiga birgina shart qo‘yiladi — mamlakatning eksport salohiyatini oshirish. Bu ishonch o‘zini oqlaydi — 1980-yillarga kelib Osiyo va jahonda koreyalik savdo belgilarining nomi yangray boshlaydi.
Kuchli raqobat po‘lat, ko‘mir, mashinasozlik, kimyoviy vositalar ishlab chiqarish va kemasozlik kabi yangi sanoatlarni rivojlantirishga kirishdi. Istiqbolni ko‘ra olish qobiliyati, biznesning globallashuv jarayoni bilan uyg‘unlashtirilishi oqibatida o‘zlashtirilgan yangi sohalar iqtisodiy o‘sishning kuchli vositasiga aylandi.
1987-yilda eng yirik to‘rtta konglomeratning daromadi 80,7 mlrd. dollarga yetadi. Xususan, bir muddat avval savdo do‘konlari tarmog‘i bo‘lgan «Samsung Group» kompaniyasi elektronika bozoridan 24 mlrd. dollar; mashinasozlikda nom chiqargan «Hyundai» 22,7 mlrd. dollar; «Daewoo» kompaniyasi 16 mlrd. dollar yillik daromad topishgan. Mamlakatning eng yirik o‘nta kompaniyasi Janubiy Koreyadagi banklarning 40 foiz ulushiga, mamlakat eksportining 66 foiz ulushiga egalik qilgan.
Ular daromadning asosiy qismini ilmiy tadqiqotlarga sarf qilb, yangi texnologiya va innovatsiyalar yordamida xalqaro bozorni kengaytirishgan, yangi ishchi o‘rni yaratishgan.
Mazkur korporatsiyalar muvaffaqiyatining yana bir siri — ular xorijiy yangi texnologiyalarning mualliflik huquqini xarid qilib, mahsulotlarni arzon narxda ishlab chiqarishar edi. Hukumat ularning raqobatdan omon chiqishlari uchun zarur barcha sharoitni yaratib bergan. Sababi, mamlakat iqtisodiyoti ularning kelajagi bilan bog‘liq edi.
1988 yilda xususiy sektorning yirik vakillariga qonun ijodkorligi, jamiyat boshqaruvida ishtirok etish imtiyozi beradi. Shu yili «Hyundai Heavy Industries» kompaniyasi prezidenti Chong Mong-Jun parlament rahbari etib saylanadi.
Biznes konglomeratlari olingan foydadan sarmoya kiritishar yoki fuqarolar turmushini yaxshilashga xizmat qiladigan jamg‘armalar tuzardilar. Shuningdek, iqtisodiyot rivojida davlatga tegishli «Korea Electric Power Corporation» (KEPCO) elektr agentligi hamda «Pohang Iron and Steel Company» (POSCO) po‘lat zavodi kabi kompaniyalarning o‘rni ham yuqori bo‘lgan.
1970-yildan boshlab mamlakat iqtisodiyoti keyingi uch yil davomida yiliga 9,6 foizga o‘sib bordi.
1970-yildan boshlab mamlakat iqtisodiyoti keyingi uch yil davomida yiliga 9,6 foizga o‘sib bordi. Koreya Respublikasi sekin-asta qishloq xo‘jaligidan sanoatlashgan davlatga aylana boshladi. Shu yilning ikkinchi yarim yilligida ham iqtisodiy o‘sish 9,6 foizni tashkil qiladi. Kutilmaganda mamlakatning eksport salohiyati 52 foizga ko‘payadi. 1971-yilda mamlakatning eksport salohiyati 1 mlrd. AQSh dollaridan oshib ketadi. Xalqaro ekspertlar bu hayratomuz rivojlanishni «Han daryosidagi mo‘’jiza» deb atashadi.
1970-yilda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot 1000, 2000-yillarda 20 ming, ayni paytda 27,5 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Buning uchun Janubiy Koreyaga iqtisodiy islohotlarni boshlaganidan so‘ng 33 yil kerak bo‘ldi.
Rivojlanishga bo‘lgan qattiq ishtiyoq, millatning fidoyiligi — uni umidsizlikning tubidan olib chiquvchi kuch. 1997-yilda kuzatilgan «Osiyo iqtisodiy inqirozi», 2008-yildagi jahon iqtisodiy inqirozi koreyaliklar uchun sinov bo‘ldi. 1997-yilda iqtisodiyotni muqarrar halokatdan asrash uchun koreyaliklarning o‘zlaridagi tillalarni ommaviy ravishda davlatga topshirishlari jahon hamjamiyatini hayratga soldi.
Koreyaliklar «pali-pali» iborasini yaxshi ko‘rishadi. Bu o‘zbekchada «bo‘l-bo‘l» degani: «Bir ishga kirishdingmi tezroq harakat qil, bor g‘ayrating bilan kirish».
Koreyaliklar «pali-pali» iborasini yaxshi ko‘rishadi. Bu o‘zbekchada «bo‘l-bo‘l» degani: «Bir ishga kirishdingmi tezroq harakat qil, bor g‘ayrating bilan kirish». Bugun koreyalik keksalar bilan suhbat qursangiz, ularning o‘tmishdagi matonatiga qoyil qolasiz. 1950-yillardan keyin qishloq va shaharlarda tong sahardan ko‘chalarda «qo‘ng‘iroqchi» yurgan. Qo‘ng‘iroqning jarangdor ovoziga uyg‘un holda yangragan «Yaxshi yashaylik! Mehnat qilaylik!» chaqirig‘i barchani oldinda turgan yaxshi hayot uchun kurashga safarbar qilgan.
Jamiyat rivoji ko‘p omillarga bog‘liq. Koreya misolida oladigan bo‘lsak, taraqqiyot — adolat, ilm-fan, xalq ishtiroki va qattiq mehnat mahsuli. Har bir koreyalik ota-ona farzandiga «Bugun yaxshi o‘qisang, qiynsalsang ham — o‘qisang, keyin yaxshi yashaysan!» degan o‘gitni qayta-qayta uqtiradi. Har bir koreyalik yosh tabiiy boyliklari yo‘q mamlakatning farovonligi o‘ziga daxldor ekanini his qiladi, kelajak unga tayyorgarlik ko‘rganlarniki ekanini anglaydi.
Bugun har bir o‘zbekistonlik «yaxshi yashasam» deydi. Bizning matonatimiz ham koreyslarning matonatidan kam emas. Bugun hamma narsa tez o‘zgaryapti: shahrimiz, ko‘chalarimiz, imkoniyatlar. Ammo biz-chi? Biz bugungi raqobatga qanchalar tayyormiz? Muvaffaqiyat hodisasi tashqarining ichkariga emas, ichkarining tashqariga ta’siri oqibatida yuzaga keladi — shu haqiqatni unutmaylik!
Shuhrat Sattorov ayni paytda Janubiy Koreyaning Yonsei universiteti tadqiqotchisi,
«Xabar.uz» maxsus muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter