Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yangi yil, sen yangi qo‘shiq bo‘lib kel!» (video)

Biz axborotlar oqimi davrida yashayapmiz. Bir yonga qarasangiz, urushlar, talofatlar, falokatlar, bir tomonga qarasangiz yutuqlar, quvonchlar, muvaffaqiyatlar. Shu bugun yil oxirida, yangi yil ostonasida, faqat yaxshiliklar, ezguliklar haqida aytgim keldi, noxush xabarlar ortda qolishini istadim.

Mana yana bir yil ortda qoldi. Yillar o‘z yelkasida bizning bir tekisda o‘tayotgan sermazmun kunlarimizni, ezgu tashvish va quvonchlarimizni ortmoqlab olg‘a intilaveradi. Har bir inson yangi yil ostonasida ortga bir nazar tashlaydi. Yaqinlaringizga, tanish-bilishlaringizga o‘tgan yilda qanday esda qolarli voqealar bo‘ldi, deb savol bersangiz har birining o‘z esda qoladigan kunlari borligini, bu yildan ham umidi katta ekanligini ta’kidlaydi.

Qarang ijtimoiy tarmoqlar orqali professor ayol Gulnoza Odilova yozayapti:

Yil men uchun juda barakali va sermahsul bo‘ldi, 2-darsligim chiqdi, Yevropadagi nufuzli ilmiy anjumanga borib ma’ruza qildim, Phd shogirdim himoyasida qatnashdim, Malaziya, Portugaliya, Vetnam, Xitoy, Turkiya, Bolgariyaga bordim, 7 ta ilmiy maqolam chiqdi, tarjima bo‘yicha ko‘pdan beri rejalashtirgan loyihamni yakunladim, «Milliylik – millat brendi loyihasi» kordinatorligini qildim, yil yakunida 2025 yil Angliyada bo‘lib o‘tadigan jahon tarjimashunoslaridan top 1000 ta tarjimashunos olim ma’ruzasi tanlab olingan halqaro Kongressga ma’ruzam qabul qilindi, yil davomida o‘zim tanimagan 100 dan ziyod mustaqil tadqiqodchi va doktorantlarga ilmiy ish yozish sirlari haqida onlayn dars o‘tdim, Professor ilmiy unvonini rasman oldim...

Bu ziyolilarimiz orasida birgina ayolning sarhisobi, bunday yutuqli ishlari bilan faxrlanadigan yana qanchadan qancha yurtdoshlarimiz bor.

«O‘zbekligimiz – o‘zligim» nodavlat-notijorat tashkilotining ochilganiga ikki yil bo‘ldi. Ammo shu ikki yil ichida ushbu tashkilot milliylikni targ‘ib qiluvchi hamyurtlarimizni izladi, topdi, birlashtirdi. Yil oxirida ushbu tashkilot rahbari Mohira Sultonova tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘zbekligim o‘zligim tanlovida milliylikni targ‘ib qilishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan, turli soha vakillari orasidan eng faollari tanlab olindi.

 Tanlovda «Mening do‘ppim» yo‘nalishida qatnashgan Buxorolik Sofiya Latipova Sobir qizining roligini ko‘rib, yuragi jiz etmaganlar bo‘lmadi hisob.  Bolajonlarimiz o‘zbekona qadriyatlarimizga befarq emasligidan, ana shunday chiroyli kontentlar yaratayotganidan faxrlandi. Tanlovda eng ko‘p ko‘rishlar soni, layk va izohlarga qarab halqimizni o‘ziyam shu qizchani g‘olib topdi.

«Tadbirimizga ona bola shunday go‘zal milliy ko‘rinishda kelishganda esa sovrin o‘zini haqiqiy egasini topganiga hursand bo‘ldim, – deydi tashkilot rahbari Mohira Sultonova. – Demak, xalqimiz orasida milliyligimizga bunday oshnolar ko‘p ekan, xali xammasi yo‘qotilmabti. Asosiysi cho‘g‘ bor, alangani esa o‘zimiz balandlatamiz.

Hammaning dilidan joy olib, tilidan tushmayotgan «O‘zbekligim-o‘zligim» tashkilotining muhtasham tanlovida meni ham taqdirlashdi, deb yozadi nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda faol balki, hayotda ham, onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalardan yordamini ayamayotgan hamyurtimiz Muazzam Ibrohimova. – Yoshlarga milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi kontentlar yaratish yo‘nalishida Abu Rayhon Al Beruniyning bolalik sarguzashtlari aks etgan animatsion filmining ssenariy muallifi sifatida mukofotga munosib ko‘rishdi.

Judayam xursand bo‘ldim.

Aytgancha, maqola tayyorlanish asnosida Muazzam Ibrohimovaning «Beruniy sarguzashtlari» «Oltin Humo» Milliy mukofotini qo‘lga kiritdi.

Bunday ezgu xushxabarlarning adog‘i ko‘rinmaydi. Oramizda dunyoni yaxshilamoqchi bo‘layotgan hamyurtlarimiz ko‘p. Shulardan yana biri Jizzax viloyati, G‘allaorolning chekka qishlog‘i Jiydalida kutubxona ochgan qiz. Bolalarga katta kutubxona qanday bo‘lishini ko‘rsatishni orzu qilgan Nargiza Qo‘shmonova shu yil orzusiga erishdi – tashkil qilgan kutubxonasiga «Umid» deb nom berdi.   Davolanishni besh yil ortga surib kutubxona ochgan qizning qishlog‘ida hali o‘qimishli, ziyoli, dunyoqarashi keng odamlar soni kitoblar sonidan ham ko‘payadi.

Bu yil amalga oshirilgan, qalbimizga ezgu hislarni ulashgan voqealarni xotirlashda davom etaman. O‘zbekiston bayrog‘i Antarktika muzliklariga qadagan hamyurtimiz Abdurahmon Fozilovni eslab o‘tgim keladi. Axir mana shu sayohatchi bloger tufayli Antarktida muzliklarida O‘zbekiston bayrog‘i hilpiramoqda! U nafaqat yurtimiz bayrog‘ini, balki qo‘shni qardosh xalqlar bayroqlarini ham Antarktikaga o‘rnatdi, ya’ni qardosh xalqlar bilan yakdilligimizga tom ma’noda ishora berdi.

«Assalomu alaykum yaxshimisiz opa, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman Qahramon qishlog‘ida odamlar hashar qilib ko‘prik qurdik, shuni sizdan suyunchi olmoqchi edim», deydi Imona medical klinikasi rahbari Bahodir Mansurov...

Mana shu ko‘prik qurilishi ham yurt ravnaqiga hissa qo‘shish, aslida.

Ko‘prik qurilishida tashabbus ko‘rsatgan usta Fayzulla Yangiboyev jurnalist Akmal Abdiyev qishloq oqsoqoli Turg‘un Kengboyev va Bahodir Mansurovlarning aholi yakdilligi bilan  qurilgan ushbu «Qahramonlar» ko‘prigi ham 2024 yildagi unutilmas voqealardan biridir. Balki bu qurilish haqida bong urilmagandir, ammo uni qurganlar shu yerlik aholi tomonidan har lahzada yillar davomida minnatdorlik bilan eslanadi.

Bu yilgi shov-shuvli voqealardan yana biri Diyora Keldiyorovaning Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida oltin medal sohibi bo‘lgani. Diyoring bu yutug‘i nafaqat sport sohasida balki, qizlarimizning boshqa sohalarda ham kuchli bo‘ilishga, o‘z ustida ishlashiga turtki bo‘ldi. Qanchadan-qancha ota-onalar qizlarining Diyoradek bo‘lishini ko‘ngliga tukkan va sa’y-harakatni boshlagan bo‘lsa ajab emas. Qanchadan- qancha qaynonalar Diyoraning qaynonasidek va Diyoraning turmush o‘rtog‘idek ayolni qo‘llab-quvvatlash lozimligini yana bir bor anglagan bo‘lsalar ajab emas...  

2024 yil har birimizning hayotimizda kichkinagina bo‘lsada iz qoldirgani shubhasiz. Bu yil yana kimningdir farzandi maktabga chiqdi. Mana yaqinda alifbeni ham o‘qib tugatdi — u saboq chiqardi. O‘qish-yozishni o‘rgandi. Bolakaydan yoki qizaloqdan ota-onasining, ustozining umidi katta. Chunki u hozirdanoq rasmni yaxshi chizishini, shaxmatga uquvi borligini namoyish qildi. Kim bilsin kelajakda undan balki taniqli rassom yoki shaxmatchi chiqar. Yana qaysidir yurtdoshimizning qizi yoki o‘g‘li talaba bo‘ldi. Uning endi ma’suliyati ikki barobar oshdi. Chunki u tanlagan kasbining yaxshi mutaxassisi bo‘lishi uchun ko‘proq o‘qib o‘rganishi, o‘z ustida tinimsiz izlanishi lozim. Mana yaqinda ukangizning, opangizning yoki qo‘shningizning farzandi oila qurdi. Demak yangi, mustahkam oila bunyod bo‘ldi. Axir bularning barisi yurtimiz uchun keltirayotgan foydamiz, tinchlikka qo‘shayotgan hissamiz emasmi?

Har tong xonadonimiz to‘rida o‘tirgan piru badavlat bobolarimiz, momolarimiz yaxshi tilaklar bilan bizni ishga o‘qishga, yo‘lga kuzatib qo‘yishadi. Demak ularning  ko‘nglidagi soflik, ezgulik, yaxshilik kabi xislatlari bizga, farzandlarimizga yuqadi. Ko‘chada, ishxonada biz ham odamlarga ular kabi yaxshilik  sog‘inamiz.

Yangi yilni ana shunday pok niyatlar, ezgu umidlar bilan qarshi olgan, ertangi kuniga umid bilan yashayotgan har bir yurtdoshimizga, eldoshimizga yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin deymiz. Shoir aytganidek,

                               Har kundan insonning umidi ulug‘,

                              Har kundan hidoyat kutib yashaydi.

                               O‘tar yil, biz senga qilamiz qulluq,

                               Yangi yil lab ochgan gulga o‘xshaydi.

                               Yangi yil, sen yangi qo‘shiq bo‘lib kel,

                               Bolam quvonchiga beshik bo‘lib kel,

                               Tinchlik sabosiga eshik bo‘lib kel,

                               Xush tilak azaldan nurga o‘xshaydi.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring