«Yangi Toshkent» qayerda quriladi?
Toshkent hokimiyati shahar hududini 18 ming gektarga kengaytirmoqchi. Bunday rejalar mavjudligini 29 iyunda Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shahar hokimining o‘rinbosari Davron Hidoyatov tasdiqlagan. Bu haqda «Minbar.uz» xabar berdi.
«Biz Toshkentga 18 ming gektar yerni qo‘shib olishni rejalashtirayapmiz. Hozir masalaning hamma jihatlari o‘rganilmoqda, hali bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Viloyat hududining bir qismini shaharga qo‘shib olish oson ish emas. Ayni paytda Toshkent hududi 33 ming gektar. Endi tasavvur qiling, qo‘shib olinadigan yer shaharning hozirgi hududining deyarli 60 foiziga teng bo‘ladi», – degan Davron Hidoyatov.
Shartli ravishda «yangi Toshkent» deb atalayotgan bu hudud shaharning sharqida, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida bo‘ladi. Yaqinda Britaniyaning Benoy arxitektura kompaniyasi ushbu hududning bosh plani konsepsiyasini ishlab chiqqan edi.
Uning aytishicha, hozir bir nechta kompaniya «yangi Toshkent» bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlamoqda, ular orasida britaniyaliklarnikidan tashqari xitoy kompaniyalari ham bor.
«Yangi Toshkent»da bir nechta «tortish markazlari» bo‘ladi, shu jumladan yangi ma’muriy va biznes hudud, orol ichida quriladigan uylar, savdo hududi va aeroport bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari bu yerda kanallar tarmog‘i, ko‘kalamzorlar, bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilayotir. «Yangi Toshkent»da jami ikki millionga yaqin kishi yashashi rejalashtirilgan.
Hidoyatov shuningdek Toshkentning bosh plani tayyor bo‘lib qolganini bildirgan. Bosh plan yil oxirigacha taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter