Yangi Navoiylar chiqishi ayollarimizning ziyoli bo‘lishiga bog‘liq
Hech qachon unutmasligimiz kerak bo‘lgan bir haqiqat bor: daho Navoiyni ham, Beruniyni ham, Xorazmiyni ham ona, ya’ni ayol tuqqan va tarbiya bergan. Ana shunday o‘z davrining haqiqiy daholarining paydo bo‘lishida onalarning, ayollarning o‘rni beqiyos. Bugungi yoshlarimiz ichidan ham shunday yetuk mutaxassislar, olimlar yetishib chiqishi uchun ularni dono, o‘qimishli ayollarimiz tarbiyalashi kerak. Buning uchun ularning ta’lim olishi juda muhim sanaladi. Bu borada xalqimizning azaliy qadriyatlarida ham ayollarning ilm olishiga e’tiborni eslab o‘tishimiz joiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ayollar haqidagi nutqida bu masalaga to‘xtalib, «Yangi avlodni dunyoga keltirayotgan, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ayollarga azal-azaldan xalqimiz alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelgan», deb ta’kidlagan edi.
Albatta, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash hamda intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash davlatimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biridir va bu borada ko‘plb ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin, yuridik fanlar nomzodi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Kamila Alimovaning fikriga ko‘ra, jamiyatimizda u yoki bu sohada ayollarning huquqlari yashirin tarzda bo‘lsa ham cheklanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, xomilador va yosh bolasi bor ayollarning mehnat huquqlarini amalga oshirishda to‘sqinliq qilish va ba’zi hollarda qo‘pol ravishda buzilishi amaliyotda ko‘p uchraydi. Uning asosiy sababi, bu toifadagi xotin-qizlarga mehnat sohasida qonunchilik bilan ish beruvchilar xisobidan juda ko‘p imtiyoz va qulayliklarni yaratilganidadir.
Jumladan, amaldagi Mehnat qonunchiligiga asosan aynan homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga ularning homiladorligi yoki yosh bolasi borligini vaj qilib ishga qabul qilmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi, ular bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi, yillik asosiy ta’til homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi va boshqa ko‘plab imtiyozlar ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qonunchilikda nafaqat homilador ayollar, balki ularning turmush o‘rtoqlariga ham ayrim imtiyozlar berilgan. Jumladan, ishlayotgan erkaklarga yillik ta’til ularning xohishlariga binoan xotinlarining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.
Aytish kerakki, davlatimiz rahbarining joriy yil 7 martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon bilan 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy korxonalar va tashkilotlarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan budjetdan tashqari tashkilotlarda ishlovchi ayollarning xomiladorlik va tug‘ish ta’tillari davlat budjeti xisobidan to‘lanishi belgilandi.
«Konstitutsiyamizda homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishining belgilanishi ayollarning mehnat sohasidagi huquqlari kamsitilishini bartaraf etish, mehnat sohasida gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi», deb yozadi Alimova o‘zining feysbuqdagi sahifasida.
Xotin-qizlarimizni o‘qitish juda ham muhim. Ularni ish bilan ta’minlash masalasi ham juda muhim sanaladi. Farzandlaringiz kelajakda Navoiydek, yoki Ibn Sinodek bo‘lishi uchun unga birinchi tarbiyani, aql-idrokni aynan onalar, ayollar berishini unutmang va buning uchun birlamchi poydevor sifatida qizlaringizni, imkon bo‘lsa opa-singil, ayolingizni ham o‘qiting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter