Yana bir sohada kasb bayrami va faxriy unvon belgilanishi mumkin
QHTBT portalida «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvonini ta’sis etish va Geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihalari e’lon qilingan. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvonini mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan hamda geologiya fanini rivojlantirish, yer qa’rini o‘rganish va razvedka qilish, foydali qazilma konlarini ochish sohasida xizmat ko‘rsatgan geologiya, geofizika, gidrogeologiya, topografiya-geodeziya xizmatlari va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi yuqori malakali geologlar, muhandis-texnik xodimlarga berish taklif etilmoqda.
Faxriy unvonga sazovor bo‘lgan shaxslarga ko‘krak nishoni topshiriladi. Mamlakatimizda xizmat ko‘rsatgan geologlar uchun ularni 925 probadagi kumushdan diametri 30 mm, qalinligi 2,2 mm bo‘lgan doira shaklida tayyorlash taklif etilmoqda.
Nashrning eslatishicha, «Xizmat ko‘rsatgan» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan professionallarning ish haqi yoki pensiyasiga EKIHning 1,6 baravari («xizmat ko‘rsatgan artist»larga – EKIHning 1,8 baravari) miqdorida oylik ustama to‘lanadi. Shuningdek faxriy unvonga ega ishlovchi pensionerlar to‘liq miqdorda pensiya oladilar.
Aprel oyining birinchi yakshanbasini Geologiya sohasi xodimlari kuni deb belgilash taklif etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter