Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yamanda 500 000 bola maktabni tark etgan

Yamanda 500 000 bola maktabni tark etgan

Foto: «AA/Sanaa»

BMTning bolalar fondi YuNISEFning hisob kitoblariga ko‘ra 2015-yildan buyon Yamanda 500 ming bola mamlakatdagi notinch vaziyat tufayli maktablarni tashlab ketishga majbur bo‘lgan. «Bu haqda tashkilotning 27-mart kungi hisobotda ma’lum qilingan», — deya yozmoqda «Anadolu» agentligi.

Hisobotda keltirlishicha, 2015-yildan buyon Yamandagi savodsiz bolalar soni 2 milliontaga yetgan.

Tashkilot, shuningdek, mamlakatdagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning 75 foizi bir yildan buyon maosh olmaganini ham aytib o‘tgan. YuNISEF Yamandagi ta’lim tizimi xavf ostida qolayotganidan tashvishlanayotganini ma’lum qilgan.

Yamandagi 2500 dan ortiq maktab faoliyati to‘xtatilgan, shulardan 66 foizi urush tufayli vayron bo‘lgan, 27 foizi yopilgan, 7 foizi harbiy maqsadlarda ishlatilmoqda.

Hisobotda 2419 nafar bola harbiy harakatlarga jalb etilgani ham qayd etilgan.

Yamanda 2015-yilning mart oyidan buyon Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan prezident Abdu Rabo Mansur Hodiy boshchiligidagi hukumat kuchlari va isyonchi xusiylar o‘rtasida janglar davom etmoqda. Aholining 78 foizi qashshoqlikda umr kechirmoqda, 80 foiz aholi esa tezkor yordamga muhtoj.

YuNISEF o‘z hisobotida tomonlarni urushni to‘xtatishga, o‘qituvchilarga maoshlarini berishga, bolalarni himoya qilishga va ta’limga yo‘naltirilgan budjetni ko‘paytirishga chaqirdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring