To‘xtatilgan kortej yoki XXI asr bolshevizmi haqida
Oxirgi kunlarning eng bahsli mavzusi Yoshlar ittifoqi rahbarining to‘y kortejini to‘xtatgani va kelin-kuyovni taksiga o‘tkazib yuborgani bo‘ldi. Bemalol aytish mumkinki, afkor ommani, ayniqsa, internet olami vakillarini bu holat ikkiga bo‘lib yubordi va hozir bu ikki tomonning har biri tog‘dan tushayotgan sel kabi yo‘llaridagi hamma narsani yuvib kelib, bir biriga shitob bilan urilmoqda. Keyingi bosqichda bir-birini tushunmagan, tushunishni istamagan va butkul rad etayotgan bu ikki kuch umumiy oqimga aylanib yanada ko‘proq talafot yetkazishi hech gap emas.
Men hozir raisning haq yoki nohaqligi to‘g‘risida nimadir deyishdan, bu ishiga baho berishdan tiyilaman. Aslida bunga ma’nan haqqim bor edi. O‘sha tadbirda juda ko‘p mavzular ko‘tarilgan, faol savol-javoblar qilingan, tashabbuslar ilgari surilgandi. Lekin gap orasida aytib ketilgan bir voqea hammasiga soya solib birinchi o‘ringa chiqib ketdi va hammaning og‘ziga tushdi. Jurnalist Aziz Qarshiyev mazkur mavzu yuzasidan keng qamrovli maqola yozdi va Yoshlar ittifoqi raisini iste’foga chiqarish masalasini o‘rtaga tashladi.
Shundan so‘ng bu mavzu yangitdan qo‘zg‘aldi va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zgacha shitob bilan muhokama qilina boshlandi. Ayni shu nuqtada bo‘linish yuz berib, ikki tomon bir-biriga ochiqdan-ochiq zarbalar berishga kirishdi. Vaziyatni o‘nglashni istagan Qahramon Quronboyevning bevosita intervyusi yanayam aks ta’sir qilib, bahslarni battar alangalatib yubordi. Kechagina bir-birini hurmat qilib mulohaza bildirayotganlar endi yovlashishga tushib ketishdi.
Zarbalar beldan pastgagina emas, pastning ham nozik joylarini topib berila boshlandi. Yaxshiki bizda mitinglar, ommaviy noroziliklar o‘tkazish odat tusiga kirmagan yoxud bunday jarayonlarni davlat qattiq nazorat qiladi. Yo‘qsa mana shu mavzu yuzasidan og‘iz ko‘pirtirib, klaviatura mushtlayotganlar biror maydonda uchrashib qolsalar bormi, bir-birlariga tig‘ tortib yuborishdan ham toymasdilar (o‘zi saqlasin).
Umuman, bu gaplarning birortasi endi yangilik emas. Aytmoqchi bo‘lganim butunlay boshqa masala edi.
Bir savol — juda maydalashib ketmayapmizmi?
* Ayni mana shu mavzu muhokama qilinayotganda Prezident ShHT sammitida ishtirok etdi, unda mintaqaning ko‘plab juda jiddiy masalalari muhokama qilindi. Hatto alohida tashabbus bilan yoshlarga murojaatnoma ham ishlab chiqildi. Ammo biz bularga e’tibor bermadik, tashabbus bilan hatto tanishmadik ham. Ko‘pchiligimiz Xitoyda Sindao degan shahar borligini ham bilmasdik aslida. Dunyo siyosatida ham olamshumul voqea sodir bo‘ldi — Donald Tramp Kim Chen In bilan uchrashdi. Lekin bunaqa «mayda-chuyda» masalalar bizga kerak emas! Bizga to‘y masalasi bo‘lsa, kortejlardagi avtomobillar soni chaynalsa, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan odamning qovun tushirgani muhokama qilinsa muhim hisoblanadi.
* Aziz Qarshiyevning maqolasi «Kun.uz» saytida e’lon qilindi va juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holbuki, ayni shu sayt (va boshqa qator saytlar, jumladan «Xabar.uz» ham) bir necha kun oldin Orol muammosiga oid turkum maqolalar e’lon qilgandi. Davlat rahbari ham BMTda nutq uchun qisqa vaqt berilganidan unumli foydalanib, butun mintaqani azoblayotgan muammo haqida so‘zlagandi. Lekin bugun peshona tomirlarimizni bo‘rttirib tortishayotganlar orasidan birortamiz shu mavzu ostiga ikki enlik izoh yozishni, muammo yechimiga foydamiz tegmasa-da, o‘z munosabatimizni ifodalashni lozim topmadik. Axir kortej masalasi turganda, Orolga nima bor?!
* Odamzoddan qattiq zarba yeb, jarohati bitmagan tabiat ham javob berdi. Orol haqidagi maqolalarning izi sovumay turib Qoraqalpog‘iston va Xorazmga tuz bo‘ronlari yopirildi. Bu mavzu OAVda rasman yoritilmadi, yana internet muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ayrim mutasaddilar qisqa muddatli chiqishlarida ham bu holatni xaspo‘shlashga urindilar. Ammo jiddiy o‘ylab qaralsa, tabiat bu hodisa orqali bizga signal berayotganini hammamiz his qilib turardik. Shunday bo‘lsa-da, bu mavzu bizning qimmatli vaqtimizga arzimadi. Yoshlar ittifoqi to‘yni buzganidek masala turganida, tuz bo‘ronlari bilan kimning ishi bor?
* Yurtimizda va umuman atrofimizdagi hududlarda mislsiz qurg‘oqchilik hukm surmoqda. Rizqimizni yetishtirib beruvchilarning yarmi hosilning past baholanayotganidan, qolgan yarmi suv masalasidan qiynalmoqda. Shahardagi salqinda o‘tirib olib, monitorga tikilgancha zavqlanayotganlar Quronboyevning obro‘sini tukish uchun «kurashayotganida» surxonlik dehqonning piyozi dalaning o‘zida chirib tugadi, samarqandlik mirishkorning bir yil yer titib yetishtirgan kartoshkasi qum bahosida sotilmoqda. Bu mavzu internetda ham keng yoritildi, lekin e’lon qilingan maqolalar yuzta bo‘lsa, ularga qoldirilgan izohlar (ya’ni munosabatlar, faol fuqarolik pozitsiyasi) nari borsa besh yuztadir. Ammo to‘xtatilgan mashinalar va taksida jo‘natilgan kelin-kuyov borasida shapaloqdek maqola mavzusida millioninchi izohni ortda qoldirganimiz aniq! Yana qanaqa yozishmalar deng: «Ozi bu yosh itla vashshe ozidan ketganiydi. Yukotish kere xammasini», «Agar mashi Kuronboyev deganlari mani tuyimni tuxtatsa Kamolotiga ut kuyardim», «San uzing kimsan, avval raismizday buvol, keyin karillaysan. Quronboyev mani qahramonim. U yuz foiz haq».
* «Bu mafkura masalasi, yoshlar siyosatiga oid mavzu bo‘lgani uchun ko‘p va xo‘b muhokama qilindi» dersiz. Balki shundaydir ham. Ammo bugun bu mavzuda yoqa yirtayotganlar, Qahramon Quronboyevga balchiq otayotganlaru «mardlarcha» himoya qilayotganlar davlatning milliy g‘oyasi darajasiga ko‘tarilgan «Taraqqiyot strategiyasi» to‘g‘risida yarim qog‘oz tushuncha bera olisharmikan? Yoki dolzarbligi tufayli, taraqqiyotda muhimligi allaqachon o‘z isbotini topgani bois yil nomiga ham kiritilgan innovatsiyalar masalasini qachon biz jonbozlik ko‘rsatib muhokama qildik?! Axir innovatsiya so‘zining o‘zi yoshlar tushunchasi bilan hamohang emasmidi? Yo‘q, bizga shunaqa arzon mavzudagi bahslar kerak! Iloji bo‘lsa bahs shunchalar kuchaysinki, to‘fon ko‘tarilsin!
O‘zi biz voqeani, sabablar silsilasini o‘rganishga emas, zanjirning bir bo‘g‘inidagi shovqinga ko‘proq ishqiboz bo‘lib qolmayapmizmi? Bir misol: soqol mavzusini ham obdan eladik. Musulmonning sunnati deb jar solishimizga nomusulmonning ham soqoli chiqib ketgandek bo‘ldi. Lekin shaxsiy kuzatuvimda o‘sha soqol va jarangdor xitoblar sohiblarining ibodatdagi g‘ayratiga guvoh bo‘lmadim. Xo‘sh, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib aytaylikchi — musulmonlik da’vosi faqat soqol va uning himoyasidan iborat edimi?
Bizga sabab muhim emas, oqibat yetarli. Bir joyini ushlab olsak bas, tamom! Kommunistik mafkura gullagan paytlari bir arbob kimnidir jazolash asnosida «Sen kabilar bor ekan, kommunizm qurib bo‘lmaydi» deb yuboradi. Jazolanguvchining ko‘zlari yarq etib ochilib, «Sen kommunizm qurib bo‘lmaydi, deding» deya to‘polon ko‘tarib, arbobning o‘zini aybdorga aylantirib yuborgan ekan. Biz ham uzilgan olmani joyiga qo‘ndirib berasan deya yig‘lagan bolakayning ishini qilib tortishayotgandek bo‘layapmiz.
Keling endi, mavzuni o‘zgartiraylik. Sal jiddiylashaylik!
Shaxsan o‘zim ilgari OAV va ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish orqali turli davlatlardagi vaziyatni izdan chiqarib yuboruvchi kuchlarga ishonmasdim. Hozir ishonayapman. Ayni shu voqeadan so‘ng ishonayapman! Bizga aslida chetdan turib vaziyatni izdan chiqaruvchi qora kuchlar ham shart emas ekan. O‘zimiz voqea yaratamiz, o‘zimiz vahimaga o‘ch olomonga aylanamiz va oxir-oqibat arzimas narsa ustida o‘zimiz bir-birimizning go‘shtimizni yeymiz. To‘g‘ri, Quronboyevning bu gaplari jiddiy muhokamaga, o‘zaro hurmat saqlangan bahsga arzirdi. Ammo butun mamlakat yoshlarining ikki guruhga bo‘linib, bir-birlariga tish qayrashiga emas! Bu adovatning zahri ketgunicha yillar kerak bo‘ladi.
Voqea ortidan nafaqat Quronboyev shaxsiyati, balki umuman Yoshlar ittifoqi faoliyati ham muhokamaga qorishib ketdi va asosan salbiy ohanglar ufurdi. Paradoks, aynan kortej voqeasi so‘zlab berilgan tadbirda ittifoqning o‘ziga xos sarhisobi qilingan, unda erishilgan yutuqlardan yaxshi taassurot olgandi ko‘pchilik. Anarxizm ruhiyatida qarovchilar, ittifoq faoliyatini yerga uruvchilar so‘z erkinligidan foydalanish asnosida aniq takliflarni o‘rtaga tashlasalar durust bo‘lardi. Ittifoq va rahbarni yo‘q qilaylik ham deylik, keyin nima qilamiz? Bu savolga javob bormi? Yoshlar masalasida alohida dastur yoki dasturlarga ega bo‘lmagan, bevosita nazorat qilmagan davlat taraqqiyotga erishishi mumkinmi? Oktyabr inqilobida shunday vaziyat yuzaga kelgan ekan. Shoh ag‘darilgan, bolsheviklar hukumatni egallagan. Ammo biror kishida davlatni boshqarish tajribasi ham, yaxshimi-yomonmi aniq ishlovchi bir tizim haqida tushuncha ham yo‘q. Har kunlik majlislarda yoqalashishlar odatiy holga aylangan, tortishuvlar, haqoratlar ortidan so‘ziga qo‘shilmaganlarni shartta otib tashlash holatlari ham kuzatilgan. Qizig‘i, qotil jazolanmagan ham, chunki jazolaguvchilar jazolash mexanizmini ishlab chiqish jarayonida bir-birini rad etayapti, otib tashlayapti. Shunday ekan, radikal fikrlab, hammasiga yakun yasashni taklif etayotganlar bor ekan, vaziyatga sergak qarash lozim.
Said-Abdulaziz Yusupov
R.S. Bu satrlarni o‘qib, meni o‘rtoq Quronboyevning himoyachilaridan biri yoki aksincha uni yomonlashni niyat qilganlardan deb xulosa qilgan bo‘lsangiz, demak, hech narsani tushunmabsiz. Unuting bu maqolani!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter