Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagan
Kuni kecha internet tarmog‘ida Samarqand shahrida bundan bir yarim yil avval, ya’ni 2017-yil boshida sun’iy abort yo‘li bilan tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullangan Nargiz Xamdamovna Sanaxanova boshqaruvidagi xususiy «tug‘uruqxona» aniqlangani haqida xabarlar e’lon qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, avvalo, shuni ma’lum qiladiki, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tug‘uruqni qabul qilish faoliyati taqiqlangan tibbiy faoliyat turi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu me’yor qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan. Shu bois, ushbu ixtisoslik turi bo‘yicha litsenziya ham berilmaydi. Xususiy tibbiyot tashkilotlarining bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi esa, noqonuniy faoliyat sifatida baholanib, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
— Samarqand shahrida joylashgan Nargiz Sanaxanova boshqaruvidagi «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi litsenziyada ko‘rsatilmagan tug‘uruqni qabul qilish faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun litsenziyasining amal qilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan sud tartibida uch marta tugatilgan, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nodavlat tashkilotlarining tibbiy faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov. — Sog‘liqni saqlash vazirligi har gal bunday noqonuniy holat aniqlanganda, o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib, litsenziya talab va shartlarini qo‘pol buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan qat’iy choralar ko‘rilishini talab qilib kelgan. Natijada tashkilotning mas’ul shaxslariga nisbatan sud tomonidan dastlab ma’muriy, so‘ngra esa jinoiy jazolar qo‘llanilgan.
Litsenziyasining amal qilishi sud tratibida tugatilgach, tashkilotning litsenziya olish uchun qilingan murojaatlariga ko‘ra, qonunda ko‘zda tutilgan me’yorlarga asosan «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga qayta litsenziya berilgan. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu muasasada tug‘uruqni qabul qilish bilan bog‘liq faoliyat qattiq nazoratga olinganidan so‘ng, tashkilot xodimlari chaqaloqlarni sotish uchun yangi usulni — homilani sun’iy yo‘l bilan tushirish orqali bolani muddatidan oldin tug‘dirib, go‘yoki onani xavfli vaziyatdan saqlab qolganlik niqobi ostida o‘z niyatlarini amalga oshirganlar.
Biroq ularning bu jinoyati ham fosh etildi. 2016-yilning oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida klinikada noqonuniy holatlar yuzaga kelgani takroran aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat hollarda «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi birlamchi bo‘g‘inda hisobda turishdan qochgan, hech bir tibbiyot muassasasida nazoratda bo‘lmagan homilador ayollarni tug‘dirib, taqiqlangan tibbiy xizmat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Shundan so‘ng, «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga 2015-yilda berilgan 7087-00-raqamli litsenziyaning amal qilishi Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 2017-yil 19-yanvardagi hal qiluv qarori bilan to‘rtinchi bor tugatildi. Tekshirish materiallari prokuraturaga taqdim etilgan. Muassasaning mas’ul shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shundan buyon «Sam so‘zani plus» MChJga tibbiy faoliyat uchun litsenziya qayta berilmadi.
— Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagan, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. — Bu cheklovlar tegishli qonunchilik hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. Xusususiy tibbiyot muassasalari faqat ginekologiya tibbiy ixtisosligi doirasidagina faoliyat olib borishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, ginekologiya – bu faqat ayol kishi organizmiga xos bo‘lgan kasalliklarni davolaydigan tibbiy ixtisoslik turi hisoblanadi. Akusherlik esa ayol kishida bo‘ladigan homiladorlik, tug‘ish jarayoni va tug‘uruqdan keyingi holatni o‘rganuvchi va tibbiy yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslikdir. Ko‘rinib turibdiki, xomilani to‘xtatish (abort qilish) bu akusherlik ixtisosligiga tegishli aralashuvdir. Shu sababdan homilani to‘xtatishni faqat akusherlik bo‘yicha faoliyat yuritadigan davlat tibbiy muassasasi amalga oshirishi lozim.
Ro‘y bergan noqonuniy holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi tegishli normativ huquqiy hujjatlarni takomillashtirishni, xususiy tibbiyot tashkiloti faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni, litsenziya so‘rab murojaat qiluvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish, ayniqsa, faoliyati to‘xtatilgan xususiy klinikaga qayta litsenziya berish tartibi va shartlarini qat’iylashtirish kerakligini ko‘rsatadi. Gap inson salomatligi va hayoti haqida borar ekan, bunda har bir masalaga chuqur yondashish va qat’iy talablar asosida ishlash lozim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter