Xotin erning familiyasiga o‘tmadi, keyinchi...
Qiz farzand ko‘rib, ko‘ksi tog‘ bo‘lgan ota-ona erta-indin balog‘atga yetgan dilbandini turmushga uzatarkan, o‘ziga «mayli, birovning xasmi-da» deb tasalli berar. Lekin 18-20 yil xonadonida guldek asragan qizining kuyovining familiyasiga o‘tishini birdan qabul qilish osonmi? Aslida bu nikohdan o‘tuvchilarning roziligi bilan hal etiladi. Bunda biron majburlov, tazyiqqa yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin uning o‘z haq-huquqlarini talab qilishga, himoyalashga haqqi bor. Shunday ekan, qiz bola o‘z otasining sharifida qolishga haqqi bor... ya’ni u ham o‘z shajarasini davom ettirishga haqli? Biz shu haqda ayrim soha mutaxassislariga yuzlandik.
Mahfuza Mahkamova, Shayxontohur tumanining Fuqarolar holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limi mutaxassisi:
— Ikki yoshning umumiy familiyaga o‘tishi ixtiyoriy. Bu huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan. Ammo ayrimlar oila qurish deganda bitta familiyaga o‘tishni tushunishadi. Hozir qizlarimizning nomida bir emas to‘rt-beshta hujjatlari bo‘lishi mumkin. Deylik, diplomlari, haydovchilik guvohnomasi, bank plastik kartalari, uy hujjatlari va hakozo... Turmushga chiqayotgan qiz familiyasini o‘zgartiradigan bo‘lsa, bir oy ichida fuqarolik pasporti bilan birga, o‘z nomidagi boshqa hujjatlarni ham almashtirishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ortiqcha vaqt va mablag‘ talab etadi.
Qariyib o‘n besh yildan buyon yoshlarning oila qurishida rasmiy vakil sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsam, hozirgi yoshlar bilim va dunyoqarash borasida ancha ilgarilagan. Bu zamon shiddati, talabi bilan bog‘liq bo‘lsa, ajab emas. Shunday bo‘lsa-da, mustaqil hayot qarshisida turgan ikki yoshga oilaviy savodxonlik borasida zarur bilim va ko‘rsatmalar berish maqsadida Respublika Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan kelin-kuyovlar uchun maxsus Innovatsion maktablar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu ilk marotaba bizning FHDYo idorasi tarkibida joriy etildi. Mazkur maktablarda yoshlarga bir oy mobaynida psixologik, huquqiy, iqtisodiy, tibbiy maslahatlar, ko‘rsatmalar beriladi. Ayni paytda ushbu maktabda saboq olgan yoshlarga sertifikatlar topshirildi. Oilalarning mustahkamligiga, er-xotinning tinch-totuv yashashiga xizmat qilishda uslubiy ko‘mak beruvchi mazkur tizim Parkent tumanida ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda boshqa viloyatlarda ham tizimni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekiston Musulmonlar idorasining fatvo bo‘limi mudiri:
— Shar’iy jihatdan xotin erning familiyasiga o‘tishi ixtiyoriydir. Bu ishga ayolni majburlab bo‘lmaydi. Lekin u o‘z ixtiyori bilan erining familiyasiga o‘tmoqchi bo‘lsa, joizmi yoki yo‘q?
Islom qoidasiga ko‘ra hamma o‘z otasining nomi bilan chaqirilishi kerak. Hatto asrab olingan farzandlar ham. Qur’oni karimda: «U (asrandi bola)larni otalarining ismlari bilan chaqiringlar...» deyilgan. (Ahzob surasi, 5-oyat). O‘z otasi bo‘lmagan odamni bu mening otam deb, buning izidan kelib chiqadigan shar’iy hukm(meros, mahramlik, nafaqa va boshqa)larni da’vo qilish, shariatda harom qilingan ishlardandir. Bu haqda Hadisi shariflarda bayon qilingan. Hatto mo‘minlarning onalari ham Payg‘ambarimiz alayhissalomga nisbat berilmadilar (masalan, Oisha binti Abu Bakr deyilgan). Lekin deylik, yashab turgan joyida shunday talab bo‘lsa yoki urfda erining familiyasiga o‘tish mavjud bo‘lsa, o‘sha odamning farzandi ekanligini da’vo qilmasdan bu ish joizdir.
Qadimda odamlar o‘zaro bir-birlarini turli yo‘llar bilan tanishgan. Falonchining o‘g‘li, pistonchining mavlosi (ozod qilgan quli), ba’zi kishilar taniqli bo‘lishi uchun onasiga ham nisbat berilgan, falonchi ayolning o‘g‘li kabi. Shu ma’noda erining familiyasiga o‘tish ham go‘yo falon oilaning kelini deganidek ma’no kasb etadi.
Komil Kalonov, Mirzo Ulug‘ek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Sotsiologiya kafedrasi mudiri, professor:
— Aslida bu holat sobiq tuzumdan qolgan «esdalik». Farzandlarni falonchining o‘g‘li, qizi, yoki -zoda, -iy kabi qo‘shimchalar bilan shariflash o‘rniga -ov qo‘shimchasi bilan yoppasiga atash boshlangan. Buning oqibatida yuzaga kelgan tilimizdagi leksik, gramatik g‘alizliklarni afsuski, hali ham butunlay to‘g‘irlay olganimizcha yo‘q.
Shu bois bugun bunday stereotip (ongimizda qotib qolgan noo‘rin odat)lardan voz kechishimiz kerak. Fuqarolar holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida ham «turmush o‘rtog‘ingizning familiyasiga o‘tasizmi?» degan g‘alati savollarni olib tashlash vaqti keldi. Bu borada qonunchilikka ham o‘zgartirishlar kiritish o‘rinli.
Ayni paytda yosh oila quruvchilar uchun faoliyat boshlagan maxsus Innovatsion maktablarda esa sotsiologiya soatlari o‘tilishi maqsadga muvofiq.
Zebiniso Ahmedova, «Afrosiyob» psixologik markazi rahbari, ruhshunos va psixoterapevt:
— Bizning Turon zamini buyuk allomalari bilan qanchalik faxrlansa, To‘maris, Qurbonjon Dodxoh singari qahramon onalari bilan ham shunchalik g‘ururlangan. Millatni, yurtni or-nomusidek saqlagan, ruhan kuchli onalar oqil va sadoqatli farzandlarni ham tarbiya qila olgan.
Bugungi tezkor davrda o‘z fikriga, dunyoqarashiga, kerak bo‘lsa mablag‘iga ega bo‘lish — ayol uchun erkning birinchi ko‘rinishi. Doim o‘ziga suyangan odam, o‘ziga ishonadi ham. Oila qurayotgan qiz o‘z fikriga egami demak, u bilimdon, dunyoqarashi kengmi, demak u hamon izlanishda. Ehtiyojlariga pul topyaptimi, demak u kasb-korli. Bunday qiz borgan yerida turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tmasa ham erini hurmat qiladi, e’zozlay oladi.
Bu holat tajribamizda uchrab turadi. Gohida arzimagan kelishmovchilik bilan markazimizga murojaat qilgan yoshlarga shu to‘g‘rida savol bersam, «Albatta familiyamga o‘tadi» deb birinchilardan bo‘lib yigit javob beradi. Bu hali kelinlik mas’uliyatini zimmasiga olib ulgurmagan qizni cho‘chitishi ham mumkin. Yaqinda qabulimizga bir kelinchak keldi. Oila qurganiga ko‘p bo‘lmaganu, ammo ancha tushkun kayfiyatda. Nima bo‘ldi, desak, «Qaynonam, ovsinlarimning oldida siz avlodimizni hurmat qilmaysiz, bo‘lmasa o‘g‘limning familiyasiga o‘tgan bo‘lardingiz. Familiyamizga o‘tmasangiz, propiskamizga ham kiritmayman!», deb izza qilyaptilar. Axir mening diplomlarim bor, ortiqcha ovoragarchilikka, yugur-yugurga mening ham o‘g‘lingizni ham vaqti yo‘q, desam tushunmaydilar» dedi. Muammoni yechish uchun qaynona bilan uchrashdik, gaplashdik. Bir familiyalik aslida aka-singillarda, opa-ukalarda bo‘lishini, bu dinimizda ham joiz etilmaganligini, shusiz ham kelin oilaning zurriyotlarni davom ettiruvchi ona ekanligini, uni kelin maqomida hurmat qilish zarurligini tushuntirdik. Xayriyatki, tushunadigan odamlar ekan.
Fezuza Hakimova, o‘qituvchi:
— Oila qurganimizda turmush o‘rtog‘im o‘z familiyamda qolishimga ruxsat berganlar. Lekin qaynotam ancha vaqtgacha norozi bo‘lib yurdilar. «Kelin, nega siz bizning oilaning nomiga o‘tmagansiz, nima bizni hurmat qilmaysizmi?» deb gohida uyalltirardilar. Shunday paytlarda umr yo‘ldoshim otalariga sekin tushuntirar, meni noqulay vaziyatdan olib chiqardilar. Ammo qizlarim kelajakda oila qurishsa, familiyalarini o‘zgartirishlarini aytishadi. Ular yosh, balki zamonaviy familiya sohibi bo‘lishni istashar. Men ularga mon’yelik qilmayman.
Chindan ham, mavzu borasida fikr va munosabat turfa. Biroq bitta narsa aniqki, orzu-havaslar bilan oila qurayotgan yoshlar uchun aslida bu baxtning kaliti emas. Baxt — totuv va totli umr, o‘zaro hurmat va farzandlar kulgusidadir, asli.
Nargiza Asadova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter