Xorijlik vatandoshlarga viza berish va ularni vaqtincha propiska qilish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (326-son, 17.04.2019-y.) bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, ko‘p martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, vatandoshlarni O‘zbekistonga taklif qilish uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga, shahar bo‘limlariga (MvaFR) quyidagilar taqdim etiladi:
- ariza-anketa;
- taklif qiluvchining pasporti;
- vatandoshning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
- taklif qiluvchining vatandosh bilan qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat;
- vatandosh O‘zbekistonga oila a’zolari bilan kelmoqchi bo‘lsa, ularning shaxsini va qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar;
- taklif qiluvchining 3,5x4,5 ikki dona rasmi;
- davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (20 ming 273 so‘m).
MvaFR bo‘linmasi 3 ish kunida hujjatlarni tekshiradi. So‘ng arizani kelishish uchun vakolatli organga yuboradi.
MvaFR vakolatli organ bilan kelishganidan va ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng taklifnoma to‘ldiriladi va taklif qiluvchiga beriladi.
Taklif qilish haqidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati 15 ish kunidan oshmasligi lozim.
Taklifnoma 3 oy amal qiladi va u kirish vizalarini rasmiylashtirish uchun Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning hududiy bo‘linmalariga quyidagi hujjatlar bilan beriladi:
- viza talabi;
- e-visa.mfa.uz sayti orqali olingan elektron anketa;
- vatandoshning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
- kirish vizalari Toshkent xalqaro aeroportida olinishi mo‘ljallangan holatlarda – aviachipta yoki bron nusxalari;
- davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (300 AQSh dollari).
Hujjatlar 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi va amal qilish muddati 2 yil bo‘lgan ko‘p martalik «VTD» kirish vizalari beriladi.
Taklif qiluvchi vatandoshni vaqtincha propiska qildirish uchun MvaFRga murojaat qiladi va MvaFR bo‘linmasi 2 ish kunida 2 yillik propiskani rasmiylashtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter