Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda yana elektr muammosi: navbat Yangibozorga keldimi?

Xorazmda yana elektr muammosi: navbat Yangibozorga keldimi?

Foto: «aif.md»

Yaqinda  Xorazm viloyatining Urganch, Shovot va Xonqa tumanlarida elektr uzatish tarmoqlarida uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar bergan edik. Qish eshik qoqib ulgurmay bunday muammo ko‘ndalang bo‘layotgani odamlarni xavotirga solmay qo‘ymaydi, albatta.

Bu yog‘iga elektrdan muammo bo‘lmaydi, deb ozmuncha va’dalar berganmidi, axir?!  Nima deysizki, endi  bu tumanlar qatoriga Yangibozor ham qo‘shildi. Tumandagi Uyg‘ur, Qalandardo‘rmon, Bog‘olon, Boshqirshix, Cho‘bolonchi, Bo‘zqal’a, Oyoqdo‘rmon qishloqlaridagi bir qator mahallalarida elektr uzilishlari sodir bo‘lmoqda.

Bu yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvga «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» hissadorlik jamiyati mas’ullaridan quyidagicha javob olindi:

— «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» da elektr tarmoqlarida avariyali holat yuzaga kelgan. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Milliy elektr tarmoqlariga qarashli Taxiatosh dispecherlik xizmatining dispecheri Maqsed Tubekboyev tomonidan energiya tizimda elektr quvvati kamligi sabab, 110 KV Sharqiy 2 liniyasini o‘chirishga topshiriq berilgan. Shu sababli yuqoridagi hududlarda ma’lum muddat elektr energiyasi uzatilishida cheklashlash kuzatilmoqda.

Demak, Navoiyda yuzaga kelgan muammo Xorazmda aks-sado bermoqda. Xo‘sh, u qachon bartaraf etiladi?

Afsuski, bu savolga aniq javob yo‘q.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Taxiatosh GRESining 110 KV Sharqiy-2 liniyasi Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan ta’minlab keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring