Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda nomzodlikdan voz kechishga tazyiq bo‘layotgani holati o‘rganilmoqda

Xorazmda nomzodlikdan voz kechishga tazyiq bo‘layotgani holati o‘rganilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga saylovlarda ishtirok etgan nomzodlar Sharipov Sherzod va Adambayev Qahramonlarga nisbatan nomzodlikdan voz kechishga tazyiq bo‘layotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ushbu xabarlarga e’tibor qaratdi.

Mazkur xabarni o‘rganish jarayonida Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga saylov o‘tkazuvchi A.Qodiriy va Temiryo‘lchi okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, bayonnomalarga ko‘ra A.Qodiriy saylov okrugi bo‘yicha Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Adamboyev Qahramon eng ko‘p, ya’ni ovoz berishda ishtirok etgan 1 686 nafar saylovchilarning 568 ta yoki 34,8% ovozini olgan.

Shuningdek, Temiryo‘lchi saylov okrugi bo‘yicha Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Sharipov Sherzod ham eng ko‘p, ya’ni ovoz berishda ishtirok etgan 2 150 nafar saylovchilarning 601 ta yoki 28,0% ovozini olgan.

Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan agar mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi. Takroriy ovoz berish ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.

Shuni inobatga olib, Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga yuqorida qayd etilgan saylov okruglari bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

«Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlarni qo‘shimcha o‘rganish va ularga huquqiy baho berish uchun zarur materiallar prokuratura idoralariga taqdim qilindi», deyiladi Markaziy saylov komissiyasi xabarida.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring