«Xizmat safari davomidagi «sarguzasht»laringizni yuborishdi» — «O‘zbekchorvanasl» rahbari mast holda to‘polon ko‘targani uchun ishdan olindi
Xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari uchun «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 27-sentabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Gap nimada? Sentabr oyi boshida tarmoqlarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – «O‘zbekchorvanasl» agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov deb aytilgan shaxs Namangan viloyatidagi mehmonxonalarning birida mast holda to‘polon ko‘targani aks etgan video tarqalgan edi.
Yig‘ilishda prezident Adminstratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Otamurodovni xizmat safari vaqtida qilgan nomaqbul hatti-harakatlari uchun tanqid qilgan
«Butun dunyo bildi, desak ham adashmaymiz. Menga sizning Namangan viloyatida xizmat safari davomidagi «sarguzasht»laringizni telegram orqali yuborishdi. Mayli, hozir hammaning oldida aytmayman. Nimalar qilganingizni hamma ko‘rdi. Bu mutlaqo davlat organi, yana bu respublika organining rahbarining hatti-harakatiga, darajasiga va lavozimiga to‘g‘ri kelmaydigan holat. Davlat tizimini siz sharmanda qilib, obro‘sizlantirdingiz. Hammani oldida turish munosibmi sizga? Bankda qancha-qancha ishlagansiz. Hurmatli preziyedntimiz qarorlari bilan bugun siz ham lavozimingizdan bo‘shatilasiz», – degan Adminstratsiyasi rahbari.
Ishdan olingan Baxtiyor Otamuradovdan zaldan chiqib ketishi va guvohnomani topshirish buyurilgan.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Otamurodov 2020 yilning noyabr oyida «O‘zbekchorvanasl» agentligi rahbar etib tayinlagan, u bunga qadar «Xalq banki» boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter