Xivadagi maxsus hudud «Wi-Fi» bilan to‘liq qamrab olinadi
Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, Xiva shahrida mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga «YER AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladigan yer uchastkalari bo‘yicha quyidagi investitsiya majburiyatlari belgilanadi:
— maydoni 0,06 gektardan 0,15 gektargacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda investorga — 50 ta xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;
— maydoni 0,15 gektardan 0,3 gektargacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda — 100 ta xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;
— maydoni 0,5 gektar va undan ortiq maydonga ega yer uchastkasini ajratishda — 200 ta xonadan kam bo‘lmagan, 3 — 5 yulduzli toifadagi standartlarga mos keladigan mehmonxona qurish.
Shuningdek, Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan «Yusuf Hamadoniy» majmuasiga tutash hududlarda turizm infratuzilmasini barpo qilish, ziyoratchilar va sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar jumladan, umumiy ovqatlanish ob’yektlarini «halol» standarti bo‘yicha sertifikatlashtirish va dam olish joylari tashkil etish choralari ko‘riladi.
Qayd etilishicha, yangi tashkil etilayotgan «Xiva turistik transport koridori» hududi «Wi-Fi» bilan to‘liq qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, 2020-yil 1-sentyabrdan «Urganch» xalqaro aeroportida «havo erkinligining» beshinchi darajasini taqdim etuvchi «Ochiq osmon» tartibi ham joriy qilinishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter