Xatirchi tumanida Amir Temur davridan kelayotgan 1000 tup ko‘chat ekildi
Azaldan O‘rta Osiyo sarxil mevalari-yu, poliz ekinlari bilan mashhur. Ayniqsa, uzumchilik borasida bizning bog‘bonlarga teng keladigani yo‘q. Shu kunga qadar uzumning yuzga yaqin navlari yaratilgan bo‘lib, ular asosan, dasturxonbop va quritiladigan yo‘nalishidagi navlardir. O‘zbekiston uzumlari seleksiyasining otasi Rizamat ota nomi berilgan «Rizamat» uzum navi tom ma’noda ushbu navlarning gultojisi hisoblanadi.
Ammo oxirgi yillarda texnologiyalarning taraqqiy etishi natijasida ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan mavjud navlarni chuqur tahlil qilish va ular ustida molekulyar tadqiqotlar olib borilishi oqibatida kelib chiqishi asli bizning diyorlardan bo‘lgan ko‘pgina navlar ba’zi xususiyatlari o‘zgartirilgan holda qayta nav sifatida dunyo yuzini ko‘rmoqda. Bu esa o‘sha navlarni valyuta hisobiga yurtimizga olib kelish ehtiyojini keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun ham mahalliy navlarni molekulyar tadqiq etish va zamonaviy usullardan foydalangan holda yangi navlarni yaratish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda.
Keyingi yillarda hukumat e’tiborining ushbu sohaga yanada chuqurroq qaratilayotganligi esa uzumchilik sohasining istiqbolli ekanligidan dalolatdir. Xususan, 2018 yilning 2 mart sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Xatirchi tumani tokzorlarida yetishtirib kelinayotgan uzum navlarini zamonaviy genom texnologiyalaridan foydalanib genetik tahlil qilish kerakli to‘g‘risida topshiriq bergan edi.
Shu munosabat bilan, Genomika va bioinformatika markazining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, biologiya fanlari doktori Zabardast Buriyev hamda asli navoiylik bo‘lgan xodim Ilyosbek Normamatov 2018 yilning 18-19 mart kunlari Navoiy tumanining qator Oltinsoy, Uchqora va Akmal Ikromov qishloq fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, uzumchilik sohasi bilan yaqindan tanishdilar. Dehqon va fermerlar bilan suhbatlashib, ushbu sohada ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganishga harakat qildilar. Mahalliy uzum navlari yetishtirilayotgan xonadonlar va fermer xo‘jaliklari ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu xududlarda Amir Temur davridan buyon yetishtirib kelinayotgan eng qadimiy «oq dum» va ommalashgan «qizil dum» uzum navlaridan barg namunalari yig‘ilib, markazga olib kelindi. Molekulyar tadqiqotlarni amalga oshirish uchun ushbu namunalardan genom DNK ajratilib, mikrosetellit markerlar yordamida genotipik jihatdan o‘rganishga kirishilgan bo‘lsa, boshqa bo‘lim xodimlari tomonidan namunalardan in vitro sharoitida ko‘paytirish uchun o‘suv qismlari ajratib olindi. Nazorat namunalari sifatida «Tagapskiy» kishmishbop uzum navi hamda genetik jihatdan yaxshi o‘rganilgan, Italiya seleksiyasiga mansub «Morrastel» navlari olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra uzumning ushbu ikki mahalliy turlari o‘zaro bir-biridan farq qilib, har ikki nav ichida ham xilma-xillik mavjudligi aniqlandi.
Xususan, qadimiy uzum «Oq dum» navida genetik xilma-xillik ko‘pligi (25% gacha) va noyob genotiplar mavjudligi aniqlandi. Bu esa, o‘z navbatida «Oq dum» navining tozaligi 75% ni anglatadi. «Qizil dum» uzum navlarida genotipik xilma-xillik darajasi 20% gacha ekanligi va nav tozaligi 80% ga tengligi aniqlandi. Kompyuter dasturi asosida navlarning shajarasi o‘rganilganda «Oq dum» navi ikki guruhga bo‘linib, bir guruhi «Qizil dum» naviga yaqin ekanligi, ikkinchi guruhi esa uzoq tarixga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. «Qizil dum», navi bo‘yicha namunalar ham ikki guruhga ajralib, bir guruhi «Tagapskiy» kishmishbop uzum naviga yaqin «qarindosh» ekanligi, ikkinchi guruhi esa birinchisidan farqli ravishda ajralib chiqdi. Natijalar shuni ko‘rsatdi-ki, «Qizil dum», navida «Oq dum» naviga nisbatan nav tozaligi yuqoriroqligi kuzatildi. Shunday bo‘lsada, har ikki navda ham xilma-xillik xususiyati yuqoriligi aniqlandi.
Maxsus ozuqa muhitida yetishtirilayotgan tok o‘simliklari virus va boshqa infeksiyalardan tozalanib, sog‘lomlashtirildi. Sog‘lom o‘simliklar maxsus ozuqada ko‘paytirildi va 2019 yilning aprel oyiga Xatirchi tumaniga 1000 tup ko‘chat olib kelindi va ekildi. Ahamiyatli jihati ushbu o‘simliklar O‘zbekiston sharoitida zamonaviy in vitro usulida olingan ilk o‘simliklar hisoblanadi. Umid qilamizki, bugun tashkil etilayotgan bu kabi tokzorlar hali ko‘p yillar davomida xalqimiz dasturxonini fayzi bo‘lib xizmat qiladi.
Mirzakamol Ayubov,
Katta ilmiy xodim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter