Xalqaro Press-klubda odam savdosi muammosi muhokama qilinadi
Xalqaro Press-klubning 30-iyuldagi mavzusi Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlanib, «Transmilliy tahdidlar va ogohlikka da’vat» deb nomlanadi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Sessiyada Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa qator vazirlik va idora vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal ham ishtirok etdi.
– Odam savdosi – transmilliy uyushgan jinoyatchilik hisoblanadi. Biz faqatgina global, mintaqaviy va milliy darajada hamkorlik orqali u bilan kurashishimiz mumkin. Ushbu sessiya O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda odam savdosiga qarshi kurashish borasida hamkorlik qilish sa’y-harakatlarini muhokama qilish imkoniyatini berdi, – dedi Ashita Mittal.
Biroq, afsuski, butun dunyoda odam savdosi qurboniga aylanayotgan insonlar soni kundan kun ortib bormoqda.
– Yurtimizda odam savdosi qurboniga aylanib qolayotganlarning ko‘pchilik qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Yurtimizda 6 oy ichida jami 60 dan ortiq odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 161 ta kishi jabrlangan, – dedi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murat Rayimov.
– Bugun respublikamiz fuqarosi bo‘lgan 263 mingga yaqin ayollar chet elga uzoq muddatga chiqib ketgan. O‘tgan 6 oy ichida ularning 139 mingga yaqini o‘z uyiga qaytarildi. Birgina Samarqand viloyatida xorijga uzoq muddatga chiqib ketgan ayollar soni 117 mingdan ortiqni tashkil etadi, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Qo‘ziyeva.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter