Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda
Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida davom etayotgan «Frankfurter Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori, delegatsiya rahbari Laziz Tangriyev Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (IPA) Bosh kotibi Xose Borginio bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi xabar berdi.
Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi milliy, mintaqaviy nashriyot uyushmalarining dunyodagi eng yirik tashkilotidir. Assotsiatsiya 1896 yil Parij shahrida tashkil topgan. Uning Bosh qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan.Afrika, Osiyo, Avstraliya, Yevropa va Amerika qit’asining oltmishdan ziyod mamlakatida faoliyat yuritayotgan saksonga yaqin tashkilot uning a’zosi hisoblanadi. Uyushmma 5,6 milliarddan ortiq xaridorni qamrab olgan yirik bozorga ega. Tashkilot a’zolari ushbu bozorlarda o‘zlarining minglab matbaa mahsulotlarini namoyish etib boradi. Shuningdek, assotsiatsiya savodxonlikni keng targ‘ib qilish, mutolaani rag‘batlantirish hamda jahon noshirlarining o‘zaro tajriba almashishi, savdo-sotiq qilishi uchun qulay sharoit yaratish bilan ham shug‘ullanib keladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston noshirlarini IPAga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq ishlarning holati bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Tashkilotda yurtimiz noshirlari nomidan O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ish olib borishi ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter