Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bugun, 13-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan «9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni»ga bag‘ishlangan «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlari: yutuqlar va ustuvor vazifalar» mavzusida xalqaro media-forum o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir BMT Taraqqiyot Dasturining «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa qator vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Forumda ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining  «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar, shuningdek BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirishda O‘zbekistonning tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tildi.

Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi, bu borada xalqaro tashkilotlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyatlari institutlari hamkorligini yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida o‘tkazilgan «Eng yaxshi insho» va «Eng yaxshi rasm», shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bilan birgalikda fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha «Eng faol fuqarolar yig‘ini» tanlovlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring