Vodiy aholisi qishni issiq uylarda o‘tkazadi
Endi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatining minglab aholisi Yangi yilni issiq uylarda kutib oladi. Bu haqda «O‘ztransgaz» matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Ochig‘i, bir necha yildan beri kuz-qish davrida, ayniqsa havo sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi ayniqsa Vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangan edi. Bu masala aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar markazida edi»,-deyiladi kompaniya xabarida.
Ushbu muammoni hal etish, odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi ularoq Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi.
Bugun, 31 dekabr kunidan e’tiboran Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib berish boshlandi. Bu jarayon vodiydagi ko‘p sonli aholi, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yaratdi.
«Yangi 2019 yil Farg‘ona vodiysi iste’molchilari uchun qutlug‘ keladigan bo‘ldi», – deydi «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Bahodir Eshmuratov. – «Qozog‘iston Respublikasining «KazTransGaz» kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan Gazli-Chimkent-Toshkent-Pungon yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan to‘g‘ri Gazli gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib beriladi. Bu vodiydagi ko‘p sonli aholimiz, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yaratdi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter