«Vazirmi, boshqami, bu uyni qurishga, mashinani olishga qayerdan asos topdi… javob beradigan vaqt kelyapti» — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga 2020 yilgi Murojaatnomasida Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etishni taklif qilgan edi.
Bugun, 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezident ushbu tashkilot haqida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.
Prezidentning ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul tashkilotning nomi hozircha aniq emas, ammo asosiy ish yo‘nalishlari ma’lum. «Vazirmi, boshqami, bu uyni qurishga, bu mashinani olishga qayerdan asos topdi, bolasini qayerda o‘qityapti, omillar qayerda, degan savolga har bir rahbar javob beradigan vaqt kelyapti... Qurgan uyini ham asoslab berishi kerak», — dedi u.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkilotda «hamma kuch-qudrat bo‘ladi, faqat uyqu vaqtidagi tushni ko‘rolmaydi, xolos», boshqa hamma narsani bilishi mumkin.
«Amaldorning bir yillik oyligidan nima qilish mumkin, nechta kostyum olishi mumkin, oilasining topgani bilan nima qila oladi, Prezidentning oyligi bilan nima qilish mumkin, boshqa kattalarning oyligi bilan nima qilish mumkin — hammasini yozib beramiz. Biz bunga juda katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz», dedi davlat rahbari.
Prezidentning ta’kidlashicha, amaldorning mol-mulki uning daromadiga nomuvofiq bo‘lsa, u buni izohlab berishi kerak.
«Bularni qayerdan oldingiz, deb so‘raladi. Amaldor yozib beradi. Yo‘qsa, to‘ningni tashla-da, xalqning ichida rahbar bo‘lishga haqing yo‘q. Qonun oldida javob beradi. Shu muhitni hammaga yetkazish kerak — boshqa yo‘limiz yo‘q», — deya qo‘shimcha qilgan Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter