Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir hisobot berdi, biroq g‘ij-g‘ij raqamlar bilan asabni qaqshatgani yo‘q...

Vazir hisobot berdi, biroq g‘ij-g‘ij raqamlar bilan asabni qaqshatgani yo‘q...

Foto: Adliya vazirligi

Bugun Adliya vazirligida jurnalist va blogerlar uchun maxsus tadbir tashkil etildi.

Tadbir vazirlik tizimida o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar hisobotiga oid bo‘lsa-da, an’anaviy — eski qolipda o‘tkazilmadi. Ya’nikim, g‘ij-g‘ij raqamlardan iborat matn hijjalab o‘qib berilmadi, qilingan ishlar baland pardalarda aytilmadi, gapni cho‘zib «vaqt o‘ldirish»ga harakat ham bo‘lmadiki, bu o‘z navbatida savol-javoblar uchun yaxshigina imkoniyat yaratdi. To‘g‘ri, avvalboshdan mazkur tadbir «ochiq muloqot ekani» aytilgandi. Biroq tajribada ko‘pgina «ochiq muloqotlar» quruq va zerikarli hisobot-axborotga aylanib ketar, natijada ko‘pgina ommaviy axborot vositalari xodimlari tadbir nihoyalanishini kutmay «inglizcha xayrlashib» jo‘navorardi-da.

Bugun bunday tanish manzara kuzatilmadi. Vazir Ruslanbek Davletov qisqa va lo‘nda (e’tirborlisi g‘ij-g‘ij raqamlarni iloji boricha tilga olmay) gapirgach, darhol savol-javoblarga o‘tildi. Zero, ishtirokchilarga tadbir avvalida chiroyli shakl va bezakda chiqarilgan «Adliya hisob beradi-2019: yil hisobi va rejalar» to‘plami tarqatilgan, undagi ma’lumotlarni qayta o‘qib berishdan ma’no ham, mantiq ham yo‘q edi-da.

Qisqasi, vazir jurnalist va blogerlar tomonidan ikki soatdan (!) ko‘proq «savolbo‘ron» qilindi. Shuningdek, tadbir tugashi hamono hammadan burun ketvormadi, aksincha, «qolgan-qutgan» savollarga yo‘l-yo‘lakay javob berishiga ham to‘g‘ri keldi. Bu jarayonda bahs-munozalar ham bo‘ldi, vazirni «burchakka qadashga» ham urinildi, mavzu doirasidan chetga chiqishlardi ham, illo buni ko‘plar malol olmadi. Muhimi — savollar bejavob qolmadi. Javobdan kimning «qorni to‘ydi-to‘ymadi» — alohida masala.

Tadbir tafsilotlari bir parcha xabar yoki ikki bet maqolaga sig‘masligi tayin. Shu bois bu haqda bir necha ixcham-ixcham axborot tayyorlash maqsadga muvofiqday. Ushbu «debocha»dan murod — Adliya vazirligi ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun ochiq muloqot tashkil etish va o‘tkazishda alohida namuna ko‘rsatganini e’tirof etish, xolos.

Demak, tafsilotlarga oid xabarlar yaqin soatlarda. Bizni kuzatishdan erinmasangiz, bas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring